Payme, Click va Apelsin seshanba kuni oqshomda QR-kod, shtrix-kodni skanerlash vositasida, Telegram-kanallar orqali to‘lovlarni amalga oshirish va marketpleyslarning mobil dasturlari bilan integratsiyalarning qayta tiklanganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi to‘lov tashkilotlaridan fiskal chek taqdim etish va soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilishni 2022 yil martidan beri talab qilib kelayotgan edi. Integratsiya jarayoni bir necha bor kechiktirilgan, 1 noyabrdan boshlab esa DSQ ushbu talabni bajarmayotgan kompaniyalarni jazolashga qaror qilgan.

Soliq qo‘mitasining jazo sanksiyalaridan qochish maqsadida to‘lov tizimlari seshanba kuni joyida to‘lash imkoniyatlarini o‘chirib qo‘ydi, chunki ular DSQ tizimlari hali to‘liq integratsiya qilib ulgurmagan edi. Bu jarayonda to‘lovlarni fiskallashtirgan kompaniyalar ham cheklovga tushib qoldi.

DSQ norozilik bildirayotganlar qonunchilikni o‘zgartirish maqsadida talablarni «qasddan buzib talqin qilayotganligi»ni ma’lum qildi, biznes vakillari esa qo‘mitaning o‘zi yo‘riqnomalar bilan ishlashga tayyor emasligini bildirdi. Shunga qaramay, to‘qqiz soatlik uzilishdan so‘ng DSQda elektron to‘lov tashkilotlari, texnik xizmat ko‘rsatish markazlari vakillari, DSQning «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi mutaxassislari hamda fiskal ma’lumotlar operatori ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

DSQ xabariga ko‘ra, oktabr oyida bo‘lib o‘tgan va ishchi guruh tuzilgan so‘nggi uchrashuvdan buyon «axborot tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilgan».

«O‘z navbatida, DSQ elektron to‘lov tashkilotlariga to‘lovlarni fiskallashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berishini va maqsad tadbirkorlarni jazolash emasligini bildirdi. Shu bilan birga, to‘lov tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida maksimal darajada tizimli ishlar amalga oshiriladi. O‘z navbatida, DSQ tomonidan texnik va amaliy yordam ko‘rsatiladi», — deyiladi qo‘mita axborotida.

Shundan so‘ng to‘lov xizmatlari avval o‘chirilgan to‘lov turlarining qayta tiklanayotganini ma’lum qila boshladi. Apelsin ta’minotchilarga to‘lovlar, QR-kodli to‘lovlar va joyida to‘lovlarni 15 noyabrga qadar tiklaganini bildirdi. Kompaniya ta’minotchilardan ushbu sanaga qadar mahsulot va xizmatlarning identifikatsion kodlari (MXIK)ni taqdim etishni so‘radi. Payme va Click bunday muhlat ko‘rsatmagan. Express24 xizmati ham buyurtmalar uchun onlayn-to‘lovlar qabul qilish qayta tiklanganini ma’lum qildi.