O‘zbekiston hukumati davlat budjeti taqchilligining cheklangan miqdorini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritdi. Bu haqda parlament quyi palatasining 25 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

O‘zLiDeP partiyasidan saylangan deputat Doniyor G‘aniyev hukumat birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha hisobotini taqdim etish vaqtida davlat budjeti taqchilligining cheklangan miqdorini 4 foizgacha oshirishni so‘rash niyatini bildirganini, biroq hali ham bu ishni amalga oshirmaganini eslatib o‘tdi.

«Tez orada biz 2023 yil uchun mo‘ljallangan davlat budjeti loyihasini ko‘rib chiqishni boshlaymiz. Biroq, afsuski, 2022 yilgi budjetga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha loyiha hali ham muhokamaga kiritilgani yo‘q. O‘zgarishlar bo‘ladimi, biz hozir bilmayapmiz. Agar bo‘lsa, qaysi xarajatlar hisobiga? Bu bo‘lajak xarajatlarmi yoki qilib bo‘lingan xarajatlarni moliyalashtirishmi? Agar biz noyabrda qilib bo‘lingan xarajatlar uchun moliyalashtirishni tasdiqlaydigan bo‘lsak, bu parlamentni noqulay ahvolda qoldiradi», — dedi u.

Doniyor G‘aniyev. Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Jamshid Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, davlat budjeti taqchilligining cheklangan miqdorini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kuni kecha Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

«Biz olti oy yakunlari bo‘yicha budjet taqchilligini ko‘paytirish bo‘yicha murojaat qilsak kerak, deb aytgandik. Shu gapimizni hozir ham takrorlaymiz. budjet taqchilligi YAIMning 4 foizini tashkil etadi, degan hisob-kitobimiz bor. Kecha 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga jo‘natdik. Men uzr so‘rayman, bu yil haqiqatan ham kechikib ketyapmiz»,

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilgi davlat budjetini ishlab chiqishda inobatga olinadigan makroiqtisodiy yondashuvlar va 2023 yilgi iqtisodiy prognozlar ustidagi ishlar 90 foizga yakunlangan. Uning qayd etishicha, Vazirlar Mahkamasi va Prezident administratsiyasi ham kelgusi yilgi «yondashuvlar» bo‘yicha savollar va takliflar yo‘llagan.

«Umuman olib qaraydigan bo‘lsak, 2022 yil va bo‘lajak 2023 yil ham bir so‘z bilan aytganda, bu — noaniqlik. Noaniqlik juda ham ko‘p… Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon bankining yangi prognozlari oxirida ham „noaniqliklar saqlanib qolmoqda“, deyilyapti. Yoki oziq-ovqat masalasi bo‘yicha aytyaptiki, kelasi yili dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi biroz pasayadi, lekin vaziyat murakkablashishi mumkin. Xuddiki chetdan qaragan bir odam: „Bularning o‘zi bir hisob-kitobi bormi yo bahona qilyaptimi?“, degan savol tug‘ilishi mumkin, lekin unday emas», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat budjet taqchilligi 4 foizdan oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘radi.

Deputat Doniyor G‘aniyev 2 noyabr kuni «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda hukumat davlat budjeti taqchilligini 3 foizdan 4 foizga oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritgan, bu budjet xarajatlarining 8 trln so‘mga oshishini anglatadi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining umumiy hajmini ikki barobarga — 6 trln so‘mdan 12 trln so‘mgacha oshirish taklif qilinmoqda.

budjet kodeksiga muvofiq, davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga, qoida tariqasida, 15 oktabrdan kechiktirmay Hisob palatasining xulosasi bilan kiritiladi, biroq amalda ushbu muddatga deyarli amal qilinmaydi. Loyiha Qonunchilik palatasi tomonidan, qoida tariqasida, 15 noyabrdan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi kerak. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senatga ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida yuboriladi, Senat esa, qoida tariqasida, uni 15 dekabrdan kechiktirmay ma’qullashi lozim.

Moliya vaziri Timur Ishmetov birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra budjet taqchilligi YAIMga nisbatan 3,7 foizni yoki 14,4 trln so‘mni tashkil etganini ma’lum qilgan edi. Bu budjet taqchilligining tasdiqlangan cheklangan miqdoridan yuqoridir.

O‘tgan yili moliya vaziri 2022 yildan boshlab barcha vazirliklar uchun budjet mablag‘larini sarflash bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rnatilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, budjet taqchiligini qat’iy topshiriqlar asosida 3 foizgacha pasaytirish va «budjet xarajatlarini qattiq nazorat qilish» ko‘zda tutilgan edi.

2021 yilning sentabrida moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 2020 yilgi inqirozdan keyin keskin oshib ketgan budjet xarajatlarini endi inqirozdan avvalgi ko‘rsatkich — YAIMning 27 foizi darajasidagi ko‘rsatkichgacha pasaytirish rejalashtirilganini aytib o‘tgan edi. Bundan tashqari, uning qayd etishicha, hukumat kelgusi yillar davomida davlat qarzi darajasini 50 foiz miqdorida, budjet taqchilligini esa 2 foizlik ko‘rsatkichda ushlab turishni maqsad qilgan.