28 oktabr, juma kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakovning vazirlik va idoralar rahbarlari bilan issiqxonalarni gaz ta’minotidan uzib qo‘yish bo‘yicha yig‘ilishidagi nutqidan parcha aks etgan audioyozuv tarqaldi.

Avvalroq «Gazeta.uz» issiqxonalari ogohlantirishsiz gazdan uzilgan turli viloyat tadbirkorlari Toshkent markaziga to‘planganidan keyin prezident vaziyatga aralashgani, shundan so‘ng gaz yana ulangani haqida yozgandi. O‘shanda jami 268 ta issiqxona gazdan uzilgandi.

«Hozir eng dolzarb, mahsulot pishayotgan payt issiqxonalarda. Taqa-taq issiqxonalarni gazdan uzish… Hozir qaysi davrda yashayapmiz?», — deyiladi PA rahbarining audiosida.

«Davlat rahbarimiz kuyinib „inson qadri, inson qadri, inson qadri“, deyaptilar. Bizda inson qadri qani? Tadbirkor qadri qani? Kiritilgan [investitsiya qilingan] pul qadri qani? Qaysi bir issiqxonachining dardi eshitildi? Qaysi tadbirkorning muammosiga yechim topildi? Faqat „u yoqqa bor, bu yoqqa bor“», — dedi Sardor Umurzakov.

Hududlardan kelgan issiqxona egalari oldindan to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsada, gaz ta’minoti korxonalari ogohlantirishsiz gazni uzib qo‘yganidan shikoyat qildi. Uning ta’kidlashicha, gaz uzilish holatlari «haqqoniy, adolatli e’tirozlarga» sabab bo‘ldi.

Prezident Administratsiyasi rahbari issiqxonalarga gaz ta’minotini o‘chirib qo‘ygan mansabdor shaxslarning harakatini «davlat xavfsizligiga tahdid» sifatida baholab, atigi 1,5 foiz gaz tejalganini, buning evaziga eksport va ish o‘rinlari «o‘ldirilganini» ta’kidladi.

Sardor Umurzakov eksport masalasi juda dolzarb ekanini ta’kidlab, «har bir dollar, har bir sent, har bir kilogramm mahsulot» muhimligini qayd etdi.

«Yana nima emish, tadbirkor yomon, issiqxonachi yomon, kim yaxshi bo‘lmasa? Eng javob berolmaydigan, zaif qatlamni qurbon qildik. 1,5 foiz gazni, mayli, iqtisod qildik. Buning evaziga eksportni „o‘ldirdingiz“, ish joylarini „o‘ldirdingiz“, kredit olgan tadbirkorlarni kreditini to‘lattira olmay bankrotga uchrattirdingiz. Bular endi nima qiladi? Kim bunga javob beradi? Men hozir Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) rahbarlarini bejiz chaqirganim yo‘q. Bu davlat xavfsizligiga tahdid qilyapti yoki noto‘g‘rimi? Ertaga eksportni davlatga kim tiklaydi? Tadbirkorga daromadni kim tiklab beradi? Kreditini kim qaytarib beradi?», — degan audioyozuvda PA rahbari.

Yig‘ilishda gaz ta’minoti uzilishidan asosan Buxoro, shuningdek, Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlari tadbirkorlari jabr ko‘rayotgani ta’kidlandi. Sardor Umurzakov prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Saidlaziz Saidkarimov (Umurzakov kelganidan keyin bu lavozimga avgust oyida tayinlangan), Hisob palatasi birinchi o‘rinbosari Bahodir To‘rabov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga «Xududgazta’minot» korxonasining to‘rtta hududiy boshqarmasi boshliqlari ishini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Nimaga asosan qildi [gazdan uzdi], faoliyatini tekshirib berasizlar. Agar bitta kichkina jinoyat alomati bo‘lsa, so‘ramasdan jinoiy javobgarlikka tortasizlar. Qonun doirasida. Menga yozib berasizlar: Ogohlantirish, hayfsan, qanaqa hayfsan, qanaqa ogohlantirish. «Prosta tak» birontasi qutilmasligi kerak. «Pokazaniya»ni rahbariga bersa, rahbarini ham tortasiz. Raismi u, muovunmi u, kim bo‘lishidan qat’iy nazar», — deya ogohlantirdi Umurzakov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat ushbu hududlardagi issiqxonalarda 10 mingga yaqin aholi doimiy daromad bilan ta’minlangan bo‘lsa, ularning oilalari bilan hisoblasa, gap 50 ming kishi haqida ketmoqda.

«50 ming odam norozi. 50 mingtasi kambag‘allik darajasigacha tushib ketadi. Ertaga 50 mingtasi ko‘chaga chiqadi…», — dedi u.

Prezident Administratsiyasi rahbari gazning haqiqiy o‘g‘rilanishi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sodir bo‘layotganini ta’kidladi.

«Vaqti keldi, hammasini ko‘tarish kerak, hammasini jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Hammasi qonun oldida javob berishi kerak. Qachongacha bular gazni o‘g‘rilaydi?», — dedi Sardor Umurzakov.

«Narigi yoqda halol, peshana terini to‘kib, «risk»ka borib, kredit olib, uskuna olib kelib, issiqxonada mahsulot yetishtirib, halol mehnat qilayotganlar orqasidan 10 mingta odamni qozoni qaynayapti. Bu faqat [gaz ta’minoti] to‘xtatilgani, to‘xtatilmagani qancha? A bular demak qiynalishi kerak, nonsiz qolishi kerak, kambag‘allikka tushib ketishi kerak [shundaymi?]», — deya davom ettirdi Umurzakov.

Prezident Administratsiyasi rahbari barcha gaz quyish shoxobchalarini «kimga tegishli bo‘lishidan qat’iy nazar» o‘rganish va «o‘g‘irlangan gazni tiyinigacha tiklatish» bo‘yicha topshiriq berdi.

Shundan so‘ng audioyozuvdagi yana bir boshqa ovoz o‘sha vaqtda 48 ta issiqxonaga gaz ta’minoti tiklangani va bu boradagi ishlar davom ettirilgani haqida ma’lumot berdi.

«Siz menga bugun kafolat xati yozib berasiz. Tagiga ro‘yxat qilib, har bitta issiqxonani nomi bilan yozib chiqasiz. Bittasi [gaz ta’minotisiz] qolib ketsa, mendan xafa bo‘lmang», — deya uni ogohlantirdi Umurzakov.