Ichki ishlar vazirligining ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga bir qator qo‘shimchalar kiritiladi. Xususan, JIEMlarda saqlanayotgan mahkumlar elektron davlat xizmatlari, shu jumladan notariat xizmatlaridan foydalanishi uchun muassasa ma’muriyati tomonidan alohida xona ajratiladi.

Mazkur xona veb-kamera hamda Jahon axborot internet tarmog‘iga ulangan kompyuter texnikasi bilan jihozlanadi.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qo‘shimchalar Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Oliy sudi bilan kelishilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tash davrida bajarilgan har qanday ish, agar ushbu ish uchun ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ish stajiga qo‘shib hisoblanishi, shuningdek, jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarga «Dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi» berish taklif qilingandi.

Bundan tashqari, yanvar oyida talabalik davrida qamalgan mahkumlarga o‘qishini davom ettirish imkoniyatlarini yaratish, jazoni o‘tayotgan shaxslarni OTMlarga onlayn tarzda qabul qilish tartibini belgilash bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgandi.