Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 1 noyabrdan haftasiga 7 kun, sutkasiga 24 soat davomida ishlash tartibiga o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Nasiba Xoldorova «Sevimli» telekanalining «Zamon» informatsion dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Avvalroq, Twitter’dagi murojaat va muhokamalardan so‘ng, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev Milliy kutubxona yaqin vaqt ichida 24/7 rejimida ishlay boshlashini ma’lum qilgan edi. Hozirda Milliy kutubxona ish kunlari 8:00 dan 21:00 ga qadar, dam olish (shanba va yakshanba) kunlari esa 9:00 dan 17:00 ga qadar kitobxonlarni qabul qiladi.

Kutubxona direktori o‘rinbosari Nasiba Xoldorovaning so‘zlariga ko‘ra, muassasa ish vaqtini uzaytirishga «foydalanuvchilarning talablaridan kelib chiqib», «juda uzoq muddatli muhokamalar»dan so‘ng qabul qilingan. Milliy kutubxonaning ish soatlarini uzaytirish rejalashtirilayotgani haqida uning direktori Umida Teshaboyeva 2019 yilda ham gapirgan edi.

Ta’kidlanishicha, tunu-kun ishlash tartibiga o‘tilganidan so‘ng, tungi vaqtda kutubxonaning barcha bo‘limlari ham faoliyat ko‘rsatmaydi.

«Xorij tajribasiga tayanadigan bo‘lsak, 24/7 rejimida ishlayotgan kutubxonalar to‘liq faoliyat ko‘rsatmaydi, ma’lum bir o‘qish zallari ishlaydi. Biz ham chap qanotimiz emas, asosiy o‘qish zallari emas, o‘ng qanotda ishga tushirilgan elektron kutubxonamiz ishlashini yo‘lga qo‘ymoqchimiz», ­­­­- dedi kutubxona direktori o‘rinbosari.

Twitter’dagi muhokamalar chog‘ida nafaqat Milliy kutubxonaning, balki boshqa hududlardagi kutubxonalar ish vaqtini ham uzaytirish taklif qilingan edi. Nasiba Xoldorovaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tartib keyinchalik viloyat markazlaridagi kutubxonalarda ham joriy etilishi mumkin.

«Hozircha 24/7 ni Milliy kutubxonaning o‘zida sinab ko‘ramiz — yo‘q, sinab ko‘ramiz emas, joriy etamiz ­­- Milliy kutubxonada joriy etib, qo‘limizda tegishli ma’lumot bo‘lganidan keyin, albatta, hududlardagi talablar ham o‘rganiladi. Hududlarda ham talab bor. Viloyat markazlaridagi kutubxonalar ham bosqichma-bosqich o‘tadi», — deya qo‘shimcha qildi Nasiba Xoldorova.