27 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Abu saxiy» buyum bozoridagi ko‘p qavatli avtoturargohda avtomobil yongani haqida chiqqan xabarlarga Chilonzor tumani hokimligi munosabat bildirdi.

Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtrish boshqarmasi va tuman Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutasaddilarining ma’lumot berishicha, payshanba kuni tonggi soat 6:52 larda «Toshkent savdo markazi» hududida joylashgan ko‘p qavatli avtoturargohning 5-qavatida davlat raqami 01 L 250 VV bo‘lgan Orlando mashinasining dvigatel qismida texnik nosozlik sababli qisqa tutashuv bo‘lgan. Natijada, avtotransport kapot ostidagi elektr simlari yonib ketgan.

«Toshkent savdo markazi» Yong‘in xavfsizligini ta’minlash xodimlari soat 7:10 larda yong‘inni to‘liq bartaraf etgan. Hodisada hech kimga zarar yetmagan, shuningdek, bino va atrofdagi boshqa avto ulovlarga ham zarar yetkazilmagan.

Chilonzor tumani FVB mas’ullari yong‘in haqida Toshkent shahar FVBga xabar kelib tushmagani, hozirda tuman FVB avtoturargohda yong‘in sabablari va yong‘in xavfsizligi holatlarini tekshirayotganini ma’lum qildi.