23 oktabr kuni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 23-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Yig‘ilishga O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — ITSV rahbari Jamshid Xodjayev hamda Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari — sanoat va savdo vaziri Denis Manturov hamraislik qildi. Shuningdek, tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Kun tartibi doirasida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, keyingi yillarda ijobiy o‘sish tendensiyasi kuzatilayotgan o‘zaro savdoni rivojlantirish istiqbollari tahlil qilindi. Mutasaddi rahbarlarga ikki tomonlama savdoni diversifikatsiya qilish va uning hajmini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining hududlar va tarmoqlar kesimidagi joriy holati ko‘rib chiqildi. Neft-kimyo, tog‘-kon metallurgiya, energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yengil sanoat, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda yangi loyiha tashabbuslarini ishlab chiqish va amaldagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, ITSV hamda Sanoat va savdo vazirligining qo‘shma loyiha byurosi umumiy qiymati salkam 4 mlrd dollarlik 20 dan ortiq loyihalardan iborat yangi portfelni ishlab chiqmoqda. «Bunga qo‘shimcha ravishda, o‘zaro aloqalarimiz tarixida birinchi marta boshqa ulkan tashabbuslarni amalga oshirish ustida ishlamoqdamiz», — dedi u.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklik yuksalib bormoqda va bu ijobiy tendensiya Rossiya-O‘zbekiston tovar ayirboshlash statistik ma’lumotlarida ham o‘z aksini topib, uning o‘sishi allaqachon 37 foizni tashkil etgan. Yil oxirigacha taxminan 8,5 mlrd dollarga yetishini kutmoqdamiz», — deya ma’lum qildi RF sanoat va savdo vaziri Denis Manturov.

Bundan tashqari, Denis Manturovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kompaniyalarining — ulardan 2000 dan ortig‘i — O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalari ham ortib bormoqda, kapital qo‘yilmalar hajmi neft-gaz va energetika, telekommunikatsiya, agrosanoat kompleksi va sanoatning bir qator sohalariga 10 mlrd dollardan oshdi.

Denis Manturov, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik sanoat kooperatsiyasi sohasida yanada kengayishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda Rossiya avtokorxonalari «O‘zavtosanoat»dan ayrim avtokomponentlarni xarid qila boshlagan. «O‘zbekiston avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchilarining bozorimizga kirishidan ham manfaatdormiz — hozir buning uchun qulay vaziyat», — dedi Denis Manturov.

O‘z navbatida, sanoat va savdo vazirining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «Metprom» guruhi tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent metallurgiya zavodi qurilishi kabi yirik sanoat loyihalari bo‘yicha loyihalash va kompleks injiniring xizmatlarini ko‘rsatishda hamkorlik qilishga tayyor.

Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi O‘zbekiston hududida sanoat infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish bo‘ldi, deya davom ettirdi Denis Manturov.

«Bunday maydonchalarning birinchisi joriy yilning mart oyida Toshkent viloyatida ochilgan „Chirchiq“ sanoat parki bo‘ldi. Bu yerda rus boshqaruv kompetensiyalarining o‘ziga xos eksporti haqida gapirsak ham bo‘ladi, chunki texnoparkni yaratish, boshqarish va rivojlantirishda rossiyalik mutaxassislar faol rol o‘ynadi. Hozirda rezidentlar orasida mamlakatimiz kimyo majmuasining 12 ta korxonasi mavjud bo‘lib, ayrimlari o‘z mahsulotlarini Yevroosiyo qit’asining turli hududlariga yetkazib berishni maqsad qilgan. O‘ylaymanki, biz kooperatsiyaning ushbu formatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz va rivojlantirishimiz kerak», — dedi u.

Sanoat va savdo vaziri geologiya va yer osti boyliklaridan foydalanish bo‘yicha qo‘shma loyihalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. «„Rosgeo“ kompaniyamiz Orol dengizi va unga tutash hududlarda keng ko‘lamli geologik qidiruv ishlarini olib bordi. Olingan natijalar mintaqada yirik, asosan, gaz konlarini ochish imkoniyatidan dalolat beradi», — dedi Denis Manturov.

U «Agroekspress» loyihasini ham eslab o‘tdi. «O‘tgan yil oxiridan buyon ushbu liniya orqali Rossiyaning 200 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat eksporti yetkazib berildi. Qarama-qarshi yo‘nalishda u hozircha kichikroq miqyosda ishlamoqda, ammo biz kelgusi bir necha yil ichida ushbu kanal orqali o‘tkazish qobiliyatini kamida 5 baravar oshirishni mo‘ljallamoqdamiz», — deya ishonch bildirdi Rossiya sanoat va savdo vaziri.