Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 22 oktabr kuni soat 04:55 da Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi Mudofaa vazirligi omborida yakka tartibda portlash sodir bo‘lgani haqida xabar barilgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur voqea oqibatida jabrlanganlar holati yuzasidan ma’lumot berdi.

Xabar qilinishicha, ushbu hodisa natijasida shikastlangan 16 nafar bemorning 12 nafari Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Barcha jarohat olganlarga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan.

Xususan, 5 nafar fuqaro Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida, 7 nafar bemorga esa ambulator yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 4 nafar bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo filialida statsionar kuzatuvga olindi.

Jabrlanganlar orasida jiddiy jarohat olgan va og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q.

Ayni paytda RSHTYOIM va uning Sirdaryo filialidan malakali shifokorlar Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga safarbar qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu bemorlar holatini o‘z nazoratiga olgan, deyiladi xabarda.

FVV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shikastlanganlarning 11 nafari Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga jo‘natilgan, ularga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan. 6 nafar bemorga ambulator yordam ko‘rsatilib javob berilgan.

Ayni vaqtda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi kuch va vositalar jalb qilingan holda harbiy qism atrofida joylashgan mahallalar qamrab olinib, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari, korxona, muassasa va tashkilotlarga yetkazilgan zararni aniqlash hamda ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.