Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, Nurobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergov qadar tekshiruvda «M.Q.» xususiy korxonasi rahbari K.S. korxonaga ajratilgan 152 500 AQSh dollari miqdoridagi kredit evaziga xorijdan olib kelingan yirik shoxli qora mollarni sotib yuborganligi aniqlandi.

Shuningdek, bank muassasasi mas’ul shaxslari kelishilgan holda kredit garov ta’minoti uchun qo‘yilgan 2 ta avtotransport vositasini bank xatiga asosan notarial taqiqdan chiqarib sotib yuborgani haqida ma’lumot berildi.

Shunday tadbir Uchqo‘rg‘on tuman (Namangan) bo‘limi tomonidan o‘tkazilganda, «S.O.» fermer xo‘jaligi rahbari F.Sh. hududiy tijorat banki filialidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab, eksportga yo‘naltirish uchun ajratilgan 3 mlrd so‘m kreditni boshqa maqsadlarda sarflab yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Shu kabi holat Izboskan tumanida (Andijon) ham aniqlandi. Tekshiruvda, «S.F.» MCHJ rahbari Sh. I. va boshqalar intensiv usulda baliq yetishtirishni tashkillashtirish uchun ajratilgan 2,8 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘i uchun hujjatlarni qalbakilashtirgani aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.