Termiz shahrining sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev, hokimning sobiq birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Elamanov, hokimning qurilish bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Shuhrat Rahmonqulov, shahar arxitektori, «Yashil dunyo» savdo majmuasi loyihachisi, rahbari va quruvchisi hibsga olindi.

Bu xabarni hokimning advokati, shahar hokimligi rasmiylari, qolaversa viloyat prokuraturasi matbuot kotibi Alisher Bobomuradov tasdiqladi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz»ning maxsus muxbiri Abror Qurbonmuratov. Biroq ular tergov siri bo‘lganligi sababli hozircha gumondorlar qaysi moddalar asosida hibsga olinganini ochiqlashmadi.

Mansabdorlar hibsga olinganiga aniqlik kiritish maqsadida «Gazeta.uz» muxbiri Termiz shahrida joylashgan 9-sonli tergov hibsxonasida bo‘ldi. Yuqoridagi xabarni koloniya xodimlari ham tasdiqladi. Xodimlar sobiq hokim hech kim bilan uchrashishni istamayotgani, yoniga faqat advokati kirganini ma’lum qildi.

Jinoyat ishi

Hokimlikka yaqin manbalarning «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qilishicha, Isroil Xudoyberdiyevga Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qolaversa, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Elamanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasining «a» bandi bilan (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Sobiq hokim qamoqqa olinganidan bir necha kun o‘tgach, u ham ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan.

Bundan tashqari, 2017−2018 yillarda hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan Shuhrat Rahmonqulov ham qamoqqa olingan va jinoyat ishiga jalb qilingan.

«Gazeta.uz» muxbirining aniqlashicha, ular «Yashil dunyo» savdo majmuasi qurilishi davrida 14,8 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Buni sobiq hokim Isroil Xudoyberdiyevning advokati ham tasdiqladi va pullar shahardagi ko‘plab kamchiliklarni bartaraf etishga sarflanganini ta’kidladi.

Mazkur xabar «Gazeta.uz»da e’lon qilingach, 21 oktabr kuni davlatning axborot agentligi O‘zAda gumondorlar 5 ta holat bo‘yicha davlatga 19,7 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazganlikda ayblanayotgani ochiqlandi.

Tergov harakatlari Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

«Yashil dunyo» savdo majmuasi. Foto: Abror Qurbonmuratov / «Gazeta.uz».

Hokimlikka yaqin manbalarning bildirilishicha, «Yashil dunyo» savdo majmuasida tadbirkorlar tomonidan do‘konlar qurilishi uchun to‘langan 14 mlrd 800 mln so‘m mablag‘ sobiq hokim va o‘rinbosarlari tomonidan noqonuniy sarflangan bo‘lishi mumkin. Termiz shahar hokimligining boshqa mansabdor shaxslari hamda «Yashil dunyo» majmuasida savdo do‘konlari mavjud tadbirkorlar ham jinoyat ish bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida so‘roqqa chaqirilmoqda va tergov harakatlari davom etmoqda.

Surxondaryodagi tekshiruvlar

«Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbalariga ko‘ra, Surxondaryodagi keng turdagi tekshiruvlar viloyat hokimi To‘ra Bobolovning audiolari tarqalishi va uni prezident tanqid qilishi ortidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlar natijasida sodir bo‘lmoqda.

Avvalroq, 27 sentabr kuni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ish haqining 40 foizi miqdorida jarimaga tortilganini ma’lum qilgandi.

Umurzakov O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Qahramon Quronboyevga guruh tuzib, unga shaxsan rahbarlik qilishini aytgandi.

«Umuman ahvol yaxshi emas. Tartibga solish kerak. Hamma narsani ko‘tarib, oqni oq, qorani qora qilib, tartib o‘rnatib, kim aybdor bo‘lsa, hamma aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Buni bosh prokuratura ta’minlab beradi. O‘zingiz xolis baho berib, qaytib kelasiz. Bir haftada meng axborot berasiz, hurmatli prezidentimizga axborot kiritamiz», — dedi Umurzakov.

«Biror bir katta rahbarning g‘azabiga uchragan bo‘lsa, ayblanuvchi qamoqqa olinadi»

O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda ta’kidlashicha, sobiq shahar hokimiga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘ini ham qo‘llash ham mumkin edi.

Terrorizm, odam o‘ldirish, insoniyat va davlatga qarshi jinoyatlar, o‘ta og‘ir turkumiga kiruvchi jinoyatlar, shuningdek, JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rostrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) davlatga keltirilgan zarar bo‘lganida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinishni qo‘llash mumkin, degan fikrda huquqshunos.

«Mansabdorlik vakolati bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar ko‘lami katta bo‘lmasa, tilxat asosida ehtiyot chorasi sifatida ochiqlik, garov yoki uy qamog‘i qo‘llash mumkin. Jumladan, sobiq hokimga nisbatan ham. Yozib bergan tilxatiga ko‘ra, ayblanuvchiga barcha chegaradan o‘tishda taqiq qo‘yiladi, u mamlakatdan chiqib keta olmaydi. Bizda bu amaliyot ozroq siyosiylashtiriladi. Agar buyruq yuqoridan kelgan bo‘lsa yoki ayblanuvchi biror bir katta rahbarning g‘azabiga uchragan bo‘lsa, qamoqqa olinadi», — dedi Abdurahmon Tashanov.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Xudoyberdiyev 2017 yildan 2022 yilgacha Termiz shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. 21 sentabr kuni esa Xudoyberdiyev o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan bo‘shatildi. Uning o‘rnini esa qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan O‘ktam To‘rayev egalladi. Oradan 3 kun o‘tib esa sobiq hokim qamoqqa olingan.