Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan Start cars lizing kompaniyasi mijozlariga O‘zbekistonda hali ishlab chiqarilmagan Chevrolet Onix avtomashinalarini yetkazib berishni taklif qildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Bu haqda 12 oktabr kuni IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasiga UzAuto Motors rahbariyati tomonidan murojaat kelib tushgan. Unda lizing kompaniyas narxi ham noma’lum bo‘lgan avtomashinani fuqarolarga 160,4 mln so‘mga sotayotganligini ma’lum qilgan.

Mazkur murojaatga asosan 13 oktabr kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Start cars direktori va jamiyat menejeri xaridorga Onix rusumli avtomashinani shartnoma asosida 2023 yil yanvar oyiga qadar olib chiqib berish evaziga undan 160,5 mln so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentining Qibray tumani bo‘limi tomonidan Start cars mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.