Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari «Qo‘ng‘iroq huquqi», shuningdek, lobbichilik, nepotizm, favoritizmning iqtisodiyotga ko‘rsatadigan ta’sirini o‘rgandi.

Iqtisodiy rivojlanishning zamonaviy sharoitidagi asosiy muammolardan biri bu korrupsiyadir. U nafaqat pul mablag‘larini o‘zlashtirish va pora olishda, balki «qo‘ng‘iroq huquqi» kabi shaklda ham o‘zini namoyon qilishi mumkin.

«Qo‘ng‘iroq huquqi» — bu shaxsiy vakolat va egallab turgan lavozim imkoniyatlaridan foydalangan holda, muammoni hal qilishda mavjud bosim vositalaridan foydalanish. Buyruqlar rasmiy ravishda tegishli bo‘lmagan tashkilotlarga «diagonal yo‘nalishda» beriladi va bo‘ysunishdan bosh tortganlar esa xizmat mukofotlaridan, ba’zan esa martabalaridan mahrum bo‘lishlari mumkin.

«Qo‘ng‘iroq huquqi» turli sohalarda mavjud va umumiy iqtisodiyot uchun ham, alohida korxonalar uchun ham turli oqibatlarga olib keladi. «Qo‘ng‘iroq huquqi», shuningdek, lobbichilik, nepotizm, favoritizm va boshqa shu kabi tushunchalarni o‘z ichiga olishi mumkin.

«Qo‘ng‘iroq huquqi» yoki uning nepotizm ko‘rinishidagi shakli inson kapitalining rivojlanishiga to‘sqinlik qilib, iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sir etadi. Marcyello Perez-Alvarez i Xolger Strulik o‘z tadqiqotida mehnat bozorida «Qo‘ng‘iroq huquqi» ga duch kelgan tashkilotlar inson kapitaliga sarmoya kiritishda zaif iqtisodiy motivatsiyaga ega ekanligini aniqladi.

Nepotizm — qarindosh-urug‘ va oshna-og‘aynichilik aloqalarini birinchi o‘ringa qo‘ygan xolda, kamchiliklari va boshqa xislatlariga e’tibor bermasdan siyosatda yoki tadbirkorlikda ularga maxsus sharoit yaratib berishlik, qo‘llab-quvvatlash, kasblarida va ishlarida mulozimlik pog‘onasida ko‘tarilishi, boylik orttirishlarida yordam berishlik illatidir.

Aslanova Natella o‘zining maqolasida qarindoshchilikning davlat darajasida rivojlanishi ushbu muammoni ijtimoiy-iqtisodiy sohada bartaraf etishni ilojsiz qiladi, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilik ta’sirining kuchayishiga xizmat qiladi deb ta’kidlaydi.

Favoritizm va qarindosh-urug‘chilik rahbarlik lavozimlari uchun sog‘lom raqobatda to‘sqinlik qiladi, samaraliroq xodimlarning martabasi oshmasligiga va oqibatda «aqlning» mamlakatdan chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. Favoritizm, ayniqsa qarindosh-urug‘chilik korrupsiyani rag‘batlantiradi. Umuman olganda, Safina D. xayrixohlik va qarindoshchilik tashkiliy va iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sir qiladi, degan xulosaga keladi.

Korrupsiya har qanday shaklda iqtisodiy o‘sishga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Klaus Grundler va Niklas Potrafke korrupsiya darajasi (Transparency International tashkilotining korrupsiyani idrok etish indeksi (SPI) 1 standart birlikka o‘sishi, uzoq muddatli istiqbolda aholi jon boshiga real YAIM 17% ga kamayishiga olib kelishini isbotladi.