18 oktabr kuni elektr energetikasi obyektlarida xodimlar bilan ishlashni tashkil etish qoidalarini tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori [608-sonli] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorda elektr energetikasi obyektlariga kiruvchi uskunalar, qurilmalar, bino va inshootlarning ishlashini tashkil etuvchi hamda nazorat qiluvchi korxonalar xodimlari bilan ishlash tartibi belgilandi. Mazkur obyektlarda qurilish-montaj, sozlash, ishga tushirish hamda ta’mirlash ishlarini bajaruvchilar ham shular qatoriga kiradi.

Xodim va rahbarlarning o‘z kasbi va ish turi bo‘yicha sanoat va yong‘in xavfsizligiga oid amaldagi qoidalar, me’yorlar va yo‘riqnomalar bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkaziladi.

Zararli yoki xavfli mehnat sharoitlari bilan bog‘liq og‘ir ishlarda ishlaydigan xodimlar dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Xodimlar bilan ishlash yillik rejalarga muvofiq tashkil qilinadi va amalga oshiriladi. Xodimlarni (mutaxassislarni) tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlarini boshqarish korxonaning bosh muhandisiga yuklanadi.