Samarqand viloyati Urgut tumanida sinfxonada paqildok portlatgani uchun maktab direktoridan tarsaki yegan o‘quvchinining quloq pardasi yirtilgani aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, sinfxonada o‘quvchilar maktab oshxonasidan sotib olingan paqildoqni portlatgan. Shundan so‘ng, maktab direktori kelib o‘quvchilardan birinining qulog‘iga tarsaki tushirgan. Bolalarning so‘zlariga ko‘ra, maktab rahbari o‘quvchiga to‘rt martagacha tarsaki urgan, u yiqilganidan so‘ng oyog‘i bilan tepgan.

«Mendan ayb o‘tmagan. U [sinfdoshim] paqildoq paqillatgandan keyin direktor yonimga kelib, [qulog‘imga urdi]. Yiqilib tushganimdan keyin „shantaj qilma“ deb tepib tashladi», — deydi bolaning o‘zi. Onasining aytishicha, direktor boladan uzr so‘rab, ota-onasiga aytib bermasligini bildirgan.

Jarohatlangan o‘quvchi shifoxonaga olib borilgan. Bolani ko‘rikdan o‘tkazgan shifokor Farxod Jiyanovning qayd etishicha, zarba oqibatida quloq pardasi yirtilgan, qon qoldiqlari ham ko‘ringan.

«Xalq ta’lim vazirligining joriy yilning 28 iyuldagi 246-sonli odob-axloq qoidasi bor. O‘quvchi ham, o‘qituvsi ham uni buzishga haqqi yo‘q. Pedagoglarga va o‘quvchilarga ham qo‘yilgan taqiqilangan talablar bor», — dedi Urgut tumani XTB xodimi Shehroz Saidqulov.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmatining qayd etishicha, holat yuzasidan Urgut tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi 58-maktabda sinf rahbari 5-sinf o‘quvchisini kaltaklagani aks etgan video tarqalgandi. Namangan IIB holatga rasmiy munosabat bildirib, voqea o‘sha kuni nazoratga olinganini ma’lum qilgandi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova esa muhokamalarga sabab bo‘layotgan mazkur voqea bo‘yicha bolalar o‘rtasida yuzaga kelayotgan turli tarbiyasizlikka aynan befarqlik va loqaydlik sabab bo‘layotgani, shu bois o‘qituvchini qoralashdan oldin mulohaza qilib ko‘rishga chaqirgandi.