Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin munosabatlar mintaqadagi umumiy xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish imkonini beradi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 18 oktabr kuni Dushanbe shahrida «Terrorizmga qarshi kurash va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik» mavzusida o‘tkazilgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada aytib o‘tdi.

«Mintaqadagi umumiy xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar uchun mustahkam asos bu do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin munosabatlardir», — dedi Vladimir Norov.

Vazir, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mamlakatlarning mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordam berayotganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini qabul qilinishi orqali Markaziy Osiyo mazkur dasturni mintaqaviy darajda muvaffaqqiyatli amalga hayotga tadbiq etishning ilk namunasini ko‘rsatdi. Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha milliy tizimlar shakllantirildi hamda mamlakatlarning BMT tavsiyalariga to‘liq mos keladigan harakatlar strategiyalari ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, Vladimir Norov O‘zbekiston dunyo hamjamiyati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro yaqinlashuv va hamkorlik jarayonlarini, mintaqaning global iqtisodiy va transport aloqalariga integratsiyalashuvini bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirayotganini ta’kidladi.