O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining tegishi buyrug‘iga asosan Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasiga Kuvatov Jur’atbek Dilshadbekovich tayinlandi, deb xabar qildi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

2020 yil dekabr oyidan buyon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasini Salohiddin Yusupov boshqarib kelayotgan edi. U sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli iyul oyida lavozimdan ketdi.

Jur’atbek Kuvatov tayinlovga qadar «Andijon-farm» erkin iqtisodiy zonasi rahbari lavozimida ishlagan. Mazkur EIZ asosan Hindistonning yetakchi kompaniyalarining investitsiya va ilg‘or texnologiyalarini farmatsevtika mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqarishga jalb qilish maqsadida tashkil etilgan.

Unga qadar esa o‘zi ta’sischisi hisoblangan Makro Farm Andijan kompaniyasiga rahbarlik qilgan. Mazkur kompaniya 2019 yilda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov o‘rtasidagi mojaroda tilga olingan edi.

O‘shanda SSV Andijon viloyat hokimligida 2019 yil 3 yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni qarori bilan viloyat moliya boshqarmasiga pul mablag‘larini tibbiyot muassasalaridan yig‘ib olib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hisob raqamiga markazlashtirish hamda ushbu pul mablag‘lariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga muvofiq, shprits, infuzion sistema va tibbiy qo‘lqoplar sotib olish topshirilganini qayd etgan edi.

Biroq «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan ushbu tibbiy buyumlarni xarid qilish taqiqlangan. Yuqoridagi topshiriq asosida Andijon shahrida joylashgan «MAKRO FARM ANDIJON» MCHJ bilan yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida jami 6,3 mlrd so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan shprits va sistemalar sotib olingan.

SSV aslida ushbu mablag‘larga viloyat aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun dori vositalari va boshqa zarur tibbiy bumlar ham sotib olinishi lozim bo‘lganini qayd etgandi. Buning oqibatida, Andijon viloyatida 2018−2019 yillarda shprits, sistema va qo‘lqoplar bilan ta’minot darajasi zarur ehtiyojdan bir necha marotaba ortiqqa ta’minlangan, lekin shoshilinch yordam uchun kerakli bo‘lgan va boshqa dori vositalari ehtiyojga nisbatan bir necha marotaba kam xarid qilingan.

Juratbek Quvatov 2008 yilda Toshkent farmatsevtika institutini tamomlagandan so‘ng farmatsevtika biznesini boshlaganini ma’lum qilgan. Andijonga qaytib, dorixona ochgan, keyin tarmoqni kengaytirib, dori-darmon ishlab chiqarishni boshlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, farmatsevtika korxonasi mahalliy analoglarini ishlab chiqarish maqsadida viloyat hokimligidan xorijdan keltirilgan dori vositalari bo‘yicha ma’lumotlar olgan. Birinchi bosqichda kompaniya shprits va infuzion tizimlarni ishlab chiqargan. Korxonaga 2019 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgan.

Keyinchalik tadbirkor 700 o‘ringa mo‘ljallangan Family Med xususiy klinikasini ochishga qaror qildi, bugungi kunda uning asoschisi Kuvatov Dilshodbek Tojidinovich hisoblanadi. So‘ngra kompaniya Med Sity Group Medical sog‘liqni saqlash markazini ochdi. Jur’atbek Kuvatov biznes markazi ochish va boshqa loyihalarni amalga oshirish rejalari haqida ham gapirgan.

1,2 ming nafar ishchi mehnat qilayotgan Makro Farm Andijan korxonasida bugungi kunda 57 turdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Kompaniya «Andijon» futbol klubining ham asoschisi hisoblanadi.