Bir necha oylik qurilish ishlaridan so‘ng Toshkentning Navoiy ko‘chasida jamoat transporti uchun va’da qilingan alohida yo‘lak paydo bo‘ldi. U o‘ng tomondagi oxirgi bo‘lakda tashkil etilgan, bu esa endilikda ushbu ko‘chada to‘xtash mumkin emasligini anglatadi. «Gazeta.uz» muxbiri Jahongir Azimov Chorsu maydonidan O‘rdagacha piyoda yo‘l oldi — ushbu qismda avtobuslar uchun yo‘lak ajratilgan bo‘lib, uning ishlayotgani yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rdi, avtobus va shaxsiy avtomobil haydovchilarining fikrlarini o‘rgandi.

Yo‘lak hozircha foyda berayotgani yo‘q

Birinchi bo‘lakda avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etilgan Farg‘ona yo‘li ko‘chasida bo‘lgani singari, Navoiy ko‘chasida ham yo‘lakdan belgilangan maqsadda foydalanilayotgani yo‘q. Sidirg‘a chiziq, ko‘cha chetida sariq chiziq, «A» harfi va «To‘xtash taqiqlangan» belgilarining mavjudligi yillar davomida shu yerda to‘xtab turishga o‘rganib qolgan haydovchilarning bundan buyon ham to‘xtashiga to‘sqinlik qilayotgani yo‘q.

Avtobus haydovchilari avtomashinalarni aylanib o‘tishga yoki ajratilgan bo‘lakka umuman kirmaslikka majbur, chunki ushbu bo‘lak bo‘ylab erkin harakatlanishning iloji yo‘q.

Muxbir bilan suhbatlashgan to‘rt nafar avtobus haydovchisining ta’kidlashicha, ajratilgan yo‘lak aslida harakatni tezlashtirishga xizmat qilishi kerak, biroq buning uchun u ochiq bo‘lishi lozim. 46-yo‘nalish haydovchisi ertalab soat 7 dan 8 gacha bo‘lak bo‘sh bo‘lganini ma’lum qildi.

Nima uchun dunyoda jamoat transporti uchun maxsus ajratilgan bo‘laklar mavjud? Chunki jamoat transporti ko‘pincha bir yoki ikki kishini olib yuradigan shaxsiy avtomobillarga qaraganda sezilarli darajada ko‘proq odamni tashiydi. Shuning uchun unga ustunlik berish kerak.

O‘zbekiston Transport vazirligining Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi ma’lumotlariga ko‘ra, Chorsu maydonidan har soatda 3600 ta avtomobil o‘tadi, shundan 192 tasi avtobuslardir. 3200 ta avtomobil soatiga o‘rtacha 4000 kishini tashiydigan bo‘lsa, 192 ta avtobus o‘rtacha 9000 kishini tashiydi.

Loyiha ofisi direktori Murod Obidov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida ajratilgan yo‘lakda maxsus chiziqlardan tashqari, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish holatlarini qayd etish uchun kameralar ham o‘rnatilganini ta’kidladi. Bungacha YPX inspektorlari shaxsiy transport vositalari haydovchilarini to‘xtash va to‘xtab turish taqiqlangani haqida ogohlantirishlari kerak. Muxbir ajratilgan bo‘lak bo‘yicha vaziyatni o‘rgangan vaqtdagi ish soatlarida ko‘chada hech qanday inspektor yo‘q edi.

91-avtobus haydovchisi kunlarning birida YPX xodimlari Navoiy ko‘chasida tushlikkacha qanday qilib harakatni tartibga solganini so‘zlab berdi. «Hammasi tartibga solindi, lekin yo‘l nazoratchilari ketganidan keyin odamlar yana mashinalarni qo‘yishni boshladi», — dedi u.

Murod Obidov inspektorlar tartibsiz mashina qo‘yish muammosini hal qilmasligini tan oldi. Jarayon avtomatlashtirilgan bo‘lishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Abu Saxiy» bozori yaqinida qoidabuzarliklarni aniqlovchi kameralar paydo bo‘lib, haydovchilar jarimaga tortilgach, taqiqlangan joylarda to‘xtab turishni bas qilishgan.

Ayrim haydovchilar jarimaga tortilmaslik uchun davlat raqamining bir qismini qog‘oz va boshqa buyumlar (masalan niqob) bilan yopib qo‘yishadi (Toshkentning boshqa ko‘chalarida ham shunday usuldan foydalanishadi).

Shuningdek, ajratilgan chiziqda turgan mashinalar ichida uzoq vaqt o‘tiradigan odamlar ham bo‘ladi. Ular o‘rindiqni yotqizib qo‘yib, telefondan foydalanib o‘tirishadi. Bu holatni ham nazorat qiladigan odam yo‘q.

Jurnalist ayrim haydovchilardan bu yerda ajratilgan yo‘lak borligi haqida bilish-bo‘lmasligini so‘radi. Ularning ko‘pchiligi bevosita «A» harfi oldida yoki to‘xtash taqiqlanadi belgisi ostida turgan bo‘lishlariga qaramasdan, o‘zlarini bilmaganga olishdi. Ammo savoldan keyin ko‘pchiligi mashinani haydab, ketib qolishdi.

«Hamma mashinasini qo‘ygan-ku, men ham qo‘yaman-da», — deydi haydovchilardan biri.

«Ha, qoida buzaman, boshqa nima qilishim kerak?» — deydi mijozi to‘xtashini so‘ragan taksi haydovchisi.

Boshqa muammolar

Ajratilgan bo‘lakning ayrim qismlarida «A» harfini allaqachon ko‘rish qiyin — asfalt sifatsizligi tufayli rangi qorayib ketgan. Bu muammo deyarli butun shaharda mavjud.

Chorsu tomonga o‘tsangiz, Sirkdan keyin ajratilgan bo‘lak butunlay ko‘zga ko‘rinmay qoladi, haydovchilar bu yerda istagancha mashina qo‘yishadi, hatto ba’zi joylarida ikki qatorlab mashina turgan bo‘ladi. Qolaversa, bu yerda avtoturargoh belgisi o‘rnatilgan, yashil nimcha kiygan xizmatchi esa ko‘cha bo‘ylab haydovchilarga mashinani qo‘yishga yordam berib turadi.

Ajratilgan yo‘lakdan foydalanish hovlilar va to‘xtash joylariga kirish joylaridagi kesishmalarda murakkablashadi. Masalan, O‘zbek Milliy drama teatrida quyidagi suratda bo‘lgani kabi sidirg‘a chiziq mashinalar kirib-chiqishi uchun uzilgan.

Ajratilgan yo‘lak bo‘ylab avtobuslar harakatiga odamlarning taksi to‘xtatishi ham to‘sqinlik qilmoqda. Ko‘pincha bir vaqtning o‘zida bir nechta mashinalar qatorlashib to‘xtaydi. Oqibatda avtobus haydovchilari taksichilarga uzun-uzun signal bergancha bekatdan bir necha metr oldinda yo‘lovchilarni tushirishga va chiqarishga majbur bo‘ladi. Bunday taksichilarga qarshi kurashishda bir necha yillardan beri va’da qilib kelinayotgan videoregistratorlar samarali yordam bergan bo‘lardi.

«Ajratilgan yo‘lak shunchaki yo‘lak deb atalmaydi. Unga kirish mumkin emas, deb hisoblanadi, — degan edi Navoiy ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi bo‘yicha maslahatchi Arkadiy Gershman avvalroq «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida. — Muammo shundaki, unda hovlilarga va avtoturargohlar uchun kirish joylariga qancha ko‘p joy ajratsak, shunchalik kamroq alohida yo‘lak sifatida qoladi. Va qachondir u oddiy yo‘lakka aylanib qoladi… Ajratilgan yo‘lak samarali bo‘lishi uchun minimal kesishmalar bo‘lishi kerak, shuning uchun hovlilarga kirishlar sonini kamaytirish, to‘xtash joylarini olib tashlash lozim».

Bo‘shliqlarni kamaytirish uchun ko‘plab mamlakatlarda qatnovning markaziy yo‘laklarida alohida yo‘laklar tashkil etilgan. Bunday yo‘laklarga misollarni, aytaylik, Olmaotada ko‘rish mumkin.

Olmaota shahridagi Timiryazev ko‘chasida avtobus va trolleybuslar uchun ajratilgan yo‘lak.

Ko‘cha markazida to‘xtash maydonchalari ham tashkil etilgan, ularga bittadan ko‘p bo‘lmagan avtomobil yo‘li kengligidagi piyodalar o‘tish joylari olib boradi.

Keng to‘xtash platformasi va avtomobillar aylanib o‘tishi uchun harakatlanish yo‘lagi — jamoat transporti ustuvorligi ta’minlangan hamda piyodalar xavfsiligi uchun transport harakati sekinlashtirilgan.

Ba’zi ko‘chalarda to‘xtash joyidan keyin ajratilgan yo‘lak tashkil etilgan.

Olmaota shahridagi bir tomonlama Gogol ko‘chasida ajratilgan yo‘lak (jamoat transporti ikki yo‘nalishda harakatlanadi).

Butun ko‘chada to‘xtash taqiqlangan bo‘lsa, taksi haydovchilari yo‘lovchilarni qayerga tushirishi mumkin? Loyiha ofisi rahbari Murod Obidovning aytishicha, avtobus bekatlaridan keyin Navoiy ko‘chasida yo‘lovchilarni tushirish va mindirish uchun joylar tashkil etish rejalashtirilgan.

Ko‘rib turganingizdek, ajratilgan yo‘laklarning ishlashi uchun butun chora-tadbirlarni amalga oshirish va ko‘plab omillarni hisobga olish kerak. Ko‘chalarni rekonstruksiya qilishning davom etishi bilan ajratilgan yo‘laklar uzaytiriladi hamda mutasaddilar va loyihachilar kelgusida takrorlanmasligi uchun mavjud kamchiliklarni hisobga olishlari lozim.

Yangi jamoat transporti tizimini joriy etishning muhim tarkibiy qismi axborot komponenti bo‘lishi kerak. Shahar aholi bilan ko‘proq muloqot qilishi, ularni barcha yangiliklardan xabardor qilishi, afzalliklari haqida gapirishi va jamiyatning boshqa a’zolari oldidagi mas’uliyatini eslatishi kerak.