18 oktabr kuni yangilandi:

Material e’lon qilinganidan so‘ng prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov «Gazeta.uz (https://t.me/gazetauz_uzb)» bilan bog‘landi. Davlat rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan taqdimot va yig‘ilishlarda mazkur tadbirlar ishtirokchilari uchun mo‘ljallangan va muhokama qilinadigan raqamlar hamda ma’lumotlar e’lon qilinishi va ko‘rsatilishi mumkinligini tushuntirdi.

U prezident matbuot xizmati vaziyatni «o‘nglash» choralarini ko‘rishiga va taqdimot slaydlaridagi suratlar qismlari «xiralashtirilmasligiga» ishontirdi.

«Biz yangi formatda ish boshlash va eski namunalardan butunlay voz kechish uchun faoliyatimizni qayta ko‘rib chiqyapmiz. Bundan birinchi navbatda biz manfaatdormiz», — dedi u.

«O‘rinli tanqidni taraqqiyotga xizmat qiluvchi omil deb bilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Sherzod Asadov.

So‘nggi oylarda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati loyihalar, yig‘ilishlar va uchrashuvlardagi taqdimot slaydlarining ayrimlari xiralashtirilgani aks etgan fotosuratlarni e’lon qilmoqda.

17 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevga bir qator obyektlar, jumladan, Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihasi taqdim etildi. Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda mazkur yirik loyihaning «tashkiliy-moliyaviy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Mutasaddilar bu borada xorijiy kompaniyalarning qurilish materiallari va sport jihozlarini yetkazib berish jadvallari bo‘yicha takliflari haqida axborot berdi».

Shunga qaramay, Olimpiya shaharchasi loyihasining tashkiliy va moliyaviy jihatlari haqida yetarlicha ma’lumot berilmagan. Fotosuratlarda esa loyiha haqidagi ma’lumotlar aks etgan slaydlar blurlangan (xiralashtirilgan).

Taqqoslash uchun — 18 aprel kuni prezident bir qator qurilish loyihalari, xususan, «Yangi O‘zbekiston» universiteti va davlat muzeylarini rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishganida, matbuot xizmatining suratlarida bo‘lajak muzey loyihasi yaqqol ko‘rinib turgandi.

Dushanba (17 oktabr) kuni mahallalar infratuzilmasi uchun ajratilgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilishga oid yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ham bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev hisobot berayotgani ko‘rsatilgan suratda jamoatchilikni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar aks etgan slayd tasviri xiralashtirilgan.

Taqqoslash uchun yuqorida 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan hududlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaradorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishdan fotolavha. Unda prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov to‘rtta tadqiqot instituti tomonidan tayyorlangan Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlarni kompleks o‘rganish natijalari bilan tanishtirdi.

«Gazeta.uz»ning aniqlashicha, fotosuratlarni xiralashtirish amaliyoti iyul oyidan — prezident ma’muriyati rahbariyati almashgani va u yerda kadrlar o‘zgarganidan ko‘p o‘tmay boshlangan. Prezident matbuot xizmati veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylanadigan ko‘plab fotosuratlar ma’lumotni ko‘rish qiyin bo‘lgan rakurslardan olingan.

Loyihalar haqida rasmiy ma’lumotlar juda kam bo‘lgan muhitda taqdimot slaydlari fotosuratlari jurnalistlar uchun qo‘shimcha ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ularning yordamida jamoatchilik yangi loyihalar, ularning xarajatlari va kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsilroq ma’lumot olishi mumkin.

Qayd etish joizki, taqdimot kadrlari telekanallarda hali ham ochiq namoyish etilmoqda.

Xiralashgan fotosuratlarga misollar

«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati raisi Shavkat Umurzoqov elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha taqdimotni o‘tkazdi. 10 oktabr.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sayxunobod tumanida Sirdaryo viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda taqdimot o‘tkazdi. 6 oktabr.

Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot. 27 sentabr.

Prezident sport, ta’lim va tibbiyot sohalaridagi qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. 23 sentabr.

Surishtiruv va tergov organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha rejalar bo‘yicha taqdimot. 3 avgust.

Aholi turmushini yaxshilash va tadbirkorlar faolligini oshirishga qaratilgan takliflar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishdan lavha. 26 iyul.

Xiralashtirilmagan o‘xshash fotosuratlar

Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari taqdimoti. 27 iyun.

Transport va kommunal sohalardagi loyihalar taqdimoti. 11 aprel.

Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz ta’minotiga oid loyihalar taqdimoti. 10 yanvar.

Bu nima uchun muhimligi haqida yana bir og‘iz

Davlat organlarining ochiqligi va hisobdorligi cheklangan sharoitda prezident ishtirokidagi taqdimot va yig‘ilishlardan olingan kadrlar ko‘pincha davlat rahbari matbuot xizmati xabarlari matnlarida mavjud bo‘lmagan muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

«Gazeta.uz» slaydlar suratlaridan foydalanib, Toshkent shahridagi Markaziy univermag ro‘parasidagi «Moviy gumbazlar» bog‘ida «Istiqlol» majmuasining bo‘lajak loyihasi qanday bo‘lishini aniqlagandi. Bu jamoatchilikning mutasaddilar taklifiga o‘z vaqtida munosabat bildirish va yodgorlikning boshqa joyga ko‘chirilishiga erishish imkoniyatini berdi.

Slaydlar asosida Samarqand viloyatida olib borilayotgan islohotlar samaradorligi tahlili aks ettirilgan maqola ham tayyorlashga muvaffaq bo‘ldik. Unda fermerlar hokimliklarning ularning faoliyatiga kamroq aralashishini istashi, yerga bo‘lgan huquqlarga uzoq muddatli kafolatlar berishni so‘rashi, tadbirkorlar esa yuqori foizli kreditlar, yuqori soliqlar, elektr ta’minotidagi muammolar va boshqalardan shikoyat qilayotganlari aytilgan. Biroq prezident matbuot xizmati va davlat tasarrufidagi telekanallarda bu tafsilotlar yoritilmadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ham taqdimotning to‘liq variantini taqdim etmadi.

2021 yilning avgust oyida ham «Gazeta.uz» O‘zbekistonda 2020 yil yakuniga ko‘ra tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari va gaz konlari qaysi kompaniyalar o‘rtasida taqsimlangani haqida yozgandi.

Tahririyat prezident matbuot xizmatidan izoh so‘radi va javobini kutmoqda.