Xitoyning Exeed avtomobil brendi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vakillari Spot`ga ma’lum qildi.

Hozirda kompaniya o‘zining ishlab chiqarish obyektini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Spot suhbatdoshiga ko‘ra, mamlakatda 2023 yil boshidan yangi brend avtomobillari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan.

«Exeed brendi Chery kompaniyasiga tegishli bo‘lishiga qaramay, ishlab chiqarish zavodi hamda dilerlik tarmog‘ini undan alohida rivojlantiramiz», — dedi kompaniya vakili.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

2022 yilning sentabr va 2021 yilning oktabr oylarida Farg‘ona shahridagi avtomobil zavodida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorovga ko‘rsatilgan taqdimot bannerida Exeed rusumli avtomobillar ham o‘rin olgan. Viloyat hokimligining ma’lumotida Exeed brendi tilga olinmagan, biroq dizayni Exeed TXL`dan oldingi uslubni aynan takrorlaydigan avtomobil E-500 nomi ostida bannerda keltirilgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Exeed TXL elektr krossoveri hatto Xitoyda ham ishlab chiqarilmaydi, shuning uchun bunday modelning Central Asia Motors ishlab chiqarish rejasida paydo bo‘lishi katta ajablanish bo‘ldi, deb yozadi «Xitoy avtomobillari» nashri.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

U yerda Renault City K-ZE`ni eslatuvchi ixcham yo‘ltanlamas E-200 va butunlay metalldan yasalgan E-400 furgoni ham taqdim etilgandi.

Farg‘onadagi zavodda Central Asia Motors yiliga 10 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega elektromobillarni seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Avvalroq ishlab chiqarilgan avtomobillar birinchi bosqichda gibrid bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi. Bunga O‘zbekistonda elektromobillar uchun quvvat olish infratuzilmasi yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyihaga 50 million dollar sarmoya kiritiladi: 5 mln dollar tadbirkorning o‘z mablag‘lari, 5 mln dollar bank krediti hamda 40 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobi.

Exeed brendi Chery Automobile tomonidan 2018 yilda yaratilgan. Uning doirasida Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchisi jahon bozori uchun yuqori sifatli yo‘ltanlamas va krossoverlarni ishlab chiqaradi.

Hozirda Exeed qatoriga 3 ta model — TXL va LX krossoverlari, shuningdek, VX yo‘ltanlamas kiradi. 2021 yilda brend Stellar elektr yo‘ltanlamasining konseptual versiyasini ham taqdim etgandi.

Chery 2021 yil noyabr oyida O‘zbekistonda rasmiy sotuvlar tashkil etishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Kompaniya dastlab yangi bozor uchun 4 ta yo‘ltanlamas modelini tanladi, keyinchalik mahalliy Roodell kompaniyasi bilan uchta model — ikkita krossover va sedanni yig‘ishga kelishib oldi.