«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda katta-kichik qadamlar tashlandi, biroq o‘zbek tili maqomini to‘la-to‘kis mustahkamlay olmadi. Til borasida yechimini kutayotgan muammolar hamon kamaymagan. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutqlarni qayta berib boradi. Navbatdagi maqola muallifi Zuhriddin Isomiddinov.

Millatning onasi

Hazillashib men onamni opichlab oldim.

U shunday yengil edi-ki, uch qadam yurar-yurmas,

Yig‘lab yubordim.

Isikava Tokuboku (Xurshid Davron tarjimasi).

Ona farzandini dunyoga keltiradi, boqib o‘stirib, voyaga yetkazadi. Shu bilan birga, uning yana bir ulug‘ xislati bor: bir oilada tug‘ilib o‘sgan bolalar ona tufayli aka-uka, opa-singil bo‘lib, qondoshu jondosh bo‘lib birlashadi. Farzandning vazifasi va burchi esa, onani ulug‘lash, unga mehr izhor etib qo‘shiq aytishgina emas, balki uning dardini, tashvishlarini dildan anglash, sog‘lig‘i, ahvol-ruhiyasidan xabardor bo‘lishdir.

Farzandlar — og‘a-ini, egachi-singillarning onasi konkret bir ayol bo‘lishi hammaga ravshan. Qarindosh-urug‘ to‘pi ichida ham bir onaxon bo‘ladi, u shu urug‘ning markazida: to‘y-ma’raka usiz, uning maslahatisiz o‘tmaydi. E’tibor bersangiz, har qaysi mahalla yoki qishloqning ham obro‘li bir kayvoni momosi bor.

Bashariyat dunyosida alohida va o‘ziga xos bir oilani tashkil etadigan o‘zbek elining-chi? Uning ham bir umumiy onasi bordir? Bor albatta, Ona tilimiz u! Shu til tufayli Siz bilan biz qadrdonmiz, dildoshmiz, darddosh bo‘lib turibmiz. Ehtimol, bugun Siz bilan men bir-birimizga sir bermay, xo‘mrayisharmiz, ammo aniq bilamanki, agar erta-birisi kun Sibirda yo Italiyada ko‘rishib qolsak bormi, har ikkimiz uchun ham quyosh charaqlab chiqqandek bo‘ladi, jonu jahonimiz yorishib ketadi, bir-birimizdan hech narsani ayamaslikka tayyor bo‘lamiz. Bari mehr-oqibat — mana shu jonajon til tufayli. Negaki, ikkovimizning tilimiz ham bir, elimiz ham bir-da. Elni el qilgan, uni yaxlit va yalakat mag‘iz qilib birlashtiradigan narsa avvalo til, ona tili…

Davlat tili haqidagi qonun ta’sirida yangi, yoki til g‘aznasida ko‘pdan bor, ammo qo‘llanmay turgan yuz-yuzlab tarhi toza so‘z va so‘z birikmalari maydonga chiqdi, tilimiz yanada obod, boy, tarovatli bo‘lib qoldi. Ammo bu boradagi eng katta yutug‘imiz — ba’zi qardoshlar kabi so‘zlarni tubdan o‘zgartishga ruju qo‘ymaganimiz bo‘ldi, biz har bir tushunchani g‘irt «turkiy o‘zakli» qilishga berilib ketmadik va shuning natijasida o‘zbek tilining qadim ohangdorligini, kuch-qudratini, jilosini saqlab qololdik.

Biroq mana shu qabildagi yashasinchilikdan o‘zimizni sal forig‘ qilib, millatimiz onasi bo‘lmish tilimizning ahvol-ruhiyasiga razm soladigan bo‘lsak, unda birtalay muammolar ham to‘planib qolganini ko‘rishimiz mumkin. Yapon shoirining epigraf qilib keltirilgan atigi uch misralik yuqoridagi she’ri, nazarimizda, aynan ona tilimizni ko‘zda tutib aytilgandek.

…Ikki oydan oshdi, 21 oktabrning nari-berisida rosa bayram qildik — davlat tili maqomining 20 yilligini nishonladik. Men o‘zim besh-olti tashkilotda ma’ruza o‘qidim. Tilimizni ulug‘ladim, uning qadim va boyligini, dunyodagi boshqa hech bir tildan qolishmasligini dalillashga urindim…

Go‘yo, boy ekanligini, qadim ekanligini bilib olishsa, ish pishadiyu odamlar til qadrini o‘z joyiga qo‘yadigandek, go‘yo xuddi shuni hali hech kim bilmay turibdiyu mening dalolatim bilan hamma narsa iziga tushadigandek. Har bir ma’ruzadan so‘ng odatiy bir chapak, hamishagi bir-ikki savol, so‘ng «qimmatli vaqtimni sarflab kelib, qiziqarli chiqish qilganim» uchun minnatdorchilik izhori, hurmat ila kuzatib qo‘yish. Tamom.

Birodarlar!

Yigirma yildan beri shu gap! Shu manzara…

Men-ku, oddiy bir fan nomzodiman. Yuzlab odamlar — manaman degan akademiklar, el-yurtga taniqli shoiru yozuvchilar, fidoyi muallimlar, siyosatshunoslar, yuristlar… har yili «ma’ruza» qiladi, tilimiz boy, deb aytadi. Buning uchun Mahmud Koshg‘ariydan tortib Navoiy, Cho‘lpongacha yordamga chaqirilib, behisob dalillar keltiriladi, she’rlar o‘qiladi. Ertasidan esa… yana hamma narsa eski iziga tushadi. Ya’ni, xuddi yigirma yil ilgarigiday — rus tilida ish yuritish davom etadi.

Ona tilimiz davlat tili maqomini olgan dastlabki yillardagi shodumonlik tantanalari tindi. Hozirga kelib har yili til bayrami yaqinlashganida nomiga chop etiladigan to‘rt-besh maqola, tashkilotlarda xo‘jako‘rsinga uyushtiriladigan Til bayrami «tadbiri»ni hisobga olmaganda, til maqomi ham anchayin bir kampaniya sifatida bo‘lib o‘tgandek.

Holbuki, biz boshqa narsani kutgan edik. Darrov bo‘lmasa-da, yillar osha tilimiz mavqei osha boradi, nufusi bo‘yicha dunyoda qirq beshinchi o‘rinda turadigan o‘zbekning tili ham chinakam davlat tili bo‘ladi, deb ishongan edik. Ahvol esa boshqacharoq bo‘lib chiqdi.

Nega shunaqa bo‘layapti, bu hol qachongacha davom etadi va umuman o‘zbek tili chindan ham davlat tiliga aylanadimi yo yo‘qmi?

Nega shunday ahvol yuzaga kelganining bir sababini men aytay. O‘sha, 1989 yilda qonun chiqqanida har qanday o‘zgarishdan pul yasaydigan shovvozlar g‘imirlab qoldi. Qonunni orqa qilib, davlatning millionlarini «zakonniy» o‘marishga shaylangan kimsalar go‘yo boshqa millat kishilariga o‘zbek tilini o‘rgatishni bosh masala qilib ko‘rsatib, shu bilan hamma muammo hal bo‘ladigandek, kooperativlaru kurslar ochib tashlashdi, dasturni amalga oshirishga ajratilgan pullar o‘sha yoqqa qarab suvday oqdi, har bir korxonayu tashkilotdagi yuzlab til bilmaslar esa go‘yo «til o‘rgandi». Ya’ni, kimdir ataylabdan daryoning nishabini boshqa yoqqa burib yuborgandek bo‘ldi. O‘zbek tili haqidagi qonunni bajarishga sarflanadigan pulning katta qismi o‘zbeklarga emas, shu yurtda o‘n yillab, o‘ttiz yillab yashagan… ammo kibri tufayli til o‘rganmaganlarga sarflanadigan bo‘ldi (hozir ularning ko‘pi Amerikayu Kanadadaga, Isroilu Rossiyaga ko‘chib ketishgan, ammo hamon o‘zbek tilini o‘rganib yotishmagan bo‘lsa kerak).

O‘zbekning o‘zi-chi? Ona tili haqidagi qonun ijrosiga ketadigan mablag‘dan u qanchalik bahra oldi? U bugun o‘z tilini qanchalik biladi? O‘zbek eli til o‘rganishga muhtoj emasmi? Uydayu to‘yda, badiiy adabiyotda, bozordayu mozordagina qo‘llanib, qisilib-qimtinib qolgan, ammo til bayrami kunlari kelganida hamisha «qadim va boy» deb maqtovi kelishtiriladigan bu til mamlakatning ichkarisidayu tashqarisida, ilmu ta’limda, ishlab chiqarish, bank, aviatsiya va tibbiyotda, metroni loyihalashda, texnologiya va hokazolarda ishlatish uchun yaramaydimi? Yaramaydigan bo‘lsa, sababini ayting — nega? Chorasini topaylik. O‘zbekistonning bitta viloyaticha kelmaydigan mitti davlatlar bor dunyoda, ana o‘shalar ham davlat ishida ona tilini qo‘llaydi, shu tilini ulug‘laydi, axir.

Davlat tili degan tushunchani davlatning tili deb ham anglash mumkin. Ya’ni, O‘zbekiston davlatining tili — o‘zbek tilidir. Boshqa bir til emas. Ammo davlat idoralarida to‘la huquq bilan ishlatiladigan tilgina chin davlat tili bo‘l oladi, boshqa gapga o‘rin yo‘q. Chunonchi, o‘zbek tilidagi hujjat asosida aeroplanlar xalqaro va ichki qatnovlarni amalga oshirsa, shu tildagi hujjatga ko‘ra banklar millionlab mablag‘ni bir tashkilot balansidan boshqasiga o‘tkazsa, qonunlar shu tilda chiqarilsa (avval ruscha tayyorlanib, keyin tarjima qilinmasa), korxonalar shu tilda bitilgan texnologiya asosida tovar ishlab chiqarsa va hokazo. Busiz esa, «davlat tili» — shunchaki maqom, xolos.

Davlat tili to‘g‘risidagi qonun faqat huquqiy ahamiyatga molik emas, balki avvalo siyosiy hujjat, deklaratsiyadir. Zero mustaqillikning o‘zi til mustaqilligini taqozo etadi. Buni shunday tushuntirish mumkin: ilgari barcha ish rus tilida yuritilardi, chunki unda biz ozod emas, tobe edik. O‘zbekistonda biron idoraga ishga kirish uchun ariza rus tilida yozilar edi. Endi, tasavvur qiling: Italiyada italyan tilida emas, nemis tilida ish yuritilca… shu yurtni har jihatdan suveren deb bo‘larmikin? Mustaqillikni hadeb bir-birimizga pisanda qilish o‘rniga chindan mustaqil bo‘lish, jumladan, davlat tilida ish yuritishga o‘tish kerak emasmi?

Afsuski, bu sohada bizda dunyoning hech bir mamlakatida uchramaydigan g‘aroyibotlar bisyor. Masalan, rus tilini bilmaydigan… rus diplomati bo‘lishi mumkinligini birov eshitmagan. Yapon tilidan bexabar yapon diplomati, ispanchani uqmaydigan ispan elchisi borligini bilmaymiz. Ingliz tilida maqola yoza olmaydigan angliya (amerika) olimi ham yo‘q, albatta. Va umuman, bunaqa g‘ayritabiiy holatlarni boshqa yurtlarning kishilari tasavvur ham qila olmaydi.

Bizda esa, o‘zbekcha gapirsangiz, anqayib qarab, yelkasini qisadigan, davlat tilida biron-bir xalqaro shartnoma yo bitim tayyorlash qo‘lidan kelmaydigan, tayyorlash tugul, ona tilida yozilgan shartnomani o‘qib tushunmaydigan «pasporti bo‘yicha o‘zbek» diplomatlar ozmuncha emas.

Yoki boshqa misol. Yaqinda akademiyaning «O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar — Obestvennыye nauki v Uzbekistane» degan jurnalini varaqlab o‘tirib, taajjubga tushdim: maqolalarning yarmidan ko‘pi rus tilida ekan!

Bir zamonlar ikki tilda chiqarish mo‘ljallangan, hattoki Sho‘ro davrida yarmidan ko‘prog‘i o‘zbek tilidagi materiallar bilan to‘lib chiqqan bu nashrning hozir — ona tilimiz davlat tili bo‘lganiga o‘n yildan oshgan bir davrga kelib… teskari qarab ketgani — ilgarigidan battar ruslashganiga ajablandim. Jurnal tahririyatidan ham xafa bo‘lib ketdim, menga jurnal ataylabdan ruslashtirilayotganday tuyildi. Ammo surishtirib bilsam, jurnalning fidoyi xodimlari ham mualliflardan o‘zbek tilida maqola undira olmay halak bo‘larkan, chunki bari ayb o‘zbek olimlarining o‘zida ekan: san’atshunoslar, faylasuflar, huquqshunoslar, sharqshunosu siyosatshunoslar, tarixchilar, arxeolog va etnograflar… xullas, ijtimoiy soha ulamolarining aksariyati ona tilida biron-bir maqola yozishni to hanuz o‘rganmay, eski o‘zan ichida yo‘rg‘alab, ruscha «issledovaniye» bitar ekan. Buning ustiga, ularning o‘zbek tilida publikatsiya qilib jahonga tanilish qiyin, degan istig‘nosini aytmaysizmi?! Hey, sen avval o‘z ona tilingda biron nimani qoyillatib bitib, xalqing ichida tanil, agar ilming, yozganlaring chindan ham zo‘r bo‘lsa, jahonnning o‘zi seni tanib olaveradi, deydigan bir mard yo‘q.

Ijtimoiy fanlar ma’naviyatga, mafkuraga bevosita daxldor. Shu olimlarki o‘zbek tilida teran tadqiqotlarni amalga oshirib, tahliliy kitoblarini o‘zbekcha chop ettirmasa, boshqa soha olimlaridan o‘pkalashga ne hojat? To‘g‘ri, kimdir «mening falon kitobim o‘zbek tilida chiqqan, muallif ko‘rmapti» deb bizdan ranjishi mumkin. Balkim chiqqandir va ehtimol siz uni o‘zbek tilida yozgandirsiz ham. Lekin siz bilan baqamti ishlayotgan hamkasblaringizning kitobi avval o‘ris tilida yozilganini, uni nomsiz tarjimonlar o‘zbekchaga o‘girib berganini yaxshi bilasiz-ku. Mening o‘zim o‘zbek olimlarining ijtimoiy sohaga oid bir necha dissertatsiyasini shu olimlarning ona tiliga tarjima qilib berganman. Va bu uzoq o‘tgan zamonda emas, shu kunlarda — tilimiz davlat tiliga aylangan, ilmiy ishlar Maskov VAKiga emas, Toshkentdagi OAKka yuboriladigan bo‘lganidan keyingi gap!

Bu dunyoda o‘zbekman deb yurishdan murod boshga do‘ppi kiyishu nahorgi oshga borishgina emas, axir. Ulug‘ onamiz — ona tilimizni e’zozlay olmasak, boshqasidan murod nima, kimmiz biz o‘zi?

Tafakkur tilda aks etadi va til orqali rivojlanadi. Shuning uchun ular chambarchas bog‘liq. O‘zbek tili — o‘zbek tafakkuri demak. Shunday ekan, o‘zbek tilini davlat idoralarida ishlatmaslik — o‘zbek tafakkuriga yo‘l bermaslik, qo‘polroq aytganda, o‘zbek tafakkuri bilan shu sohani boshqarib bo‘lmaydi, deb hisoblashdir.

Ikkinchidan, qonunga amal qilmagan, uni buzgan odamni jazolamaslik, yoki xo‘jako‘rsinga dakki berib qo‘yaqolish — amalda uni rag‘batlantirish bilan barobar.

Bizningcha, hali-beri shundan narisiga o‘tilayotgani yo‘q. Rost, davlat tili haqidagi qonun ijrosini nazorat qiladigan muassasalar bor, ular komissiya tuzib, hali Qashqadaryoda — shu viloyatdagi tibbiy maskanlarda, hali esa Andijonda — xizmat ko‘rsatish sohasida va hokazo, davlat tili dasturining bajarilishini tekshirish bilan ovora. Durust, ammo nazarimizda, bu xuddi ikki yuzta tovuqni eshigi yo‘q katakka joylashga urinayotgan kishining holiga o‘xshaydi — bittasini tutib katakka solasiz, so‘ng ikkinchisiga chopsangiz, boyagi tovuq ham dalaga chiqib ketgan bo‘ladi, holbuki ular ikkita emas, ikki yuzta, qachon bularni epaqaga keltirib bo‘ladi? Demak, bu xo‘jako‘rsin ish, boshqa gapga o‘rin yo‘q.

Tilimizning chinakam davlat tiliga aylanishi qonun chiqarilganligiga emas, ana shunga tayanib ish olib boradigan odamlarning amaliy faoliyatiga bog‘liq. Bundan ham avval, kattami-kichikmi, har bir korxona va tashkilot rahbarining millatparvarligiga bog‘liq. Ona xalqim degan har bir o‘zbek rahbari Davlat tili to‘g‘risidagi qonunga loqayd qaray olmaydi. O‘z tashkilotida uni ro‘yobga chiqarishga intilmagan rahbarning xalqparvarligiga ishonch yo‘q.

Ko‘p ertaklarda bir voqea takrorlanadi: botir yigit devni yengib, qilich bilan kallasini uzsa, bir bosh o‘rnida uchta bosh o‘sib chiqadi, ularni kessa, yana… Hayron bo‘lib boshi qotib tursa, bir chol unga qarab: «E bolam, bunday qilib devni yengolmaysan, undan ko‘ra, sen falon quduq ichiga tushsang, uning tubida bir darcha bor. Uni ochib ichkari kirsang, hujrada bir sandiq turganini ko‘rasan, sandiq ichida bir quti bor. Ana o‘sha quticha ichidagi qurtni qiliching bilan qiymalasang, dev o‘ladi, chunki devning joni ana o‘sha qurt ichida», deydi.

O‘zbek tilining o‘z yurtida beklik qilishiga yo‘l bermay kelayotgan dev-ku, aniq, bu — millatsevarlikning yetishmasligi, fikriy yalqovligimiz, hamon har narsadan hadik oladigan g‘ilof bandasi bo‘lib kelayotganimiz. Xo‘sh, ichimizdagi bu devni mahv etadigan omil, ertak tili bilan aytsak, bu devning joni — quti ichidagi qurt qayerda? Qanday qilsak, o‘zbek tili barcha idora va tashkilotlarda to‘la ishga tushib, davlat tiliga aylanadi? Nima qilsak, xorijiy bir tilda ish yuritishga barham berib, ona tilimizning qonuniy haq-huquqini tiklay olamiz?

Bilsangiz, bu devning joni ham, xuddi ertaklardagiday, kichkina bir quti ichida. Bu quti — buxgalteriya deb ataladi. Ha, agar har bir idorada buxgalteriya hujjatlari bugun davlat tiliga o‘tsa, ishoning, ertadan shu idoraning barcha ishi davlat tiliga ko‘chadi. Chunki hech qaysi idoraning ishi buxgalteriyasiz bitmaydi: u orqali bank pul beradi, mashina reysga chiqariladi, tovar sotuvga qo‘yiladi va hokazo.

Hozir bizda nechta idora (butun boshli vazirlik va qo‘mitalarni qo‘ya turaylik) davlat tilida ish yuritayapti, deb o‘ylaysiz? Buni bilish uchun har bir idoraning buxgalteriya hujjatlari tiliga e’tibor qilish kerak, vassalom. Ishqilib yanglishayotgan bo‘lay, ammo menimcha hali-hozir bironta korxona buxgalteriyasida ish hujjatlari o‘zbek tilida yuritilmayapti, uning blank va formalari hamon ruscha to‘lg‘azilayapti.

O‘zimcha bir narsani payqagan bo‘laman: loqaydroq bo‘lib qolayotgandaymiz. Ishqilib, kunimiz o‘tib tursa bo‘ldi, deganday. Axir, eslasangiz, bundan o‘n yilcha avval hatto rusiyzabon kishilar o‘z farzandlarini o‘zbek maktablarida o‘qishga qo‘ya boshlagan edi, chunki zamonning zayli shunday bo‘ldi, deb hisoblashgan edi. Endi esa aksincha: eplagan ota-onalar bolasini rus maktabiga berish payida. Yoki keyingi bir misol, yodingizda bo‘lsa, hatto o‘tgan yili ham ko‘cha-ko‘ylardagi e’lon, peshlavha va afishalar asosan davlat tilida bo‘lardi, Toshkent metropoliteni ichidagi barcha yozuvlar ham ona tilimizda edi. Hozir esa metroga tushgan biladi, o‘zbek tilida biron yozuv urug‘liqqa qolgan bo‘lmasa — hammayoqni ruscha reklama bosib ketdi. Ilgari eng o‘zbek tilli transport hisoblangan metrodaki shunday bo‘lganidan keyin, boshqasidan nega ginalaymiz?

Bu savol, bu xavotir bejiz emas. Ikki yildan oshdi, Qozog‘istonda davlat tili to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritilib, rus tili ham qozoq tili bilan birga davlat tili deb belgilandi. Sal o‘tmay, Qirg‘izistonda ham shunday bo‘ldi. Demak, qog‘ozda — ikkitillilik, amalda esa rus tili yana taxt ustiga mindi, deyavering.

Xuddi, sirli bir kimsa har bir idora va tashkilotning ko‘rinmas bir xonasiga kirib olib, davlat tilida ish yuritilmasin deb jodu qilayotganday, hammaga o‘z ta’sirini tobora ko‘proq o‘tkazib borayotganday. Qadim o‘zbek xalqining irodasi bilan yuzaga chiqqan Davlat tili haqidagi qonunni bepisandlik bilan yemirishga tushganday.

Bu sirli kimsa kim?

U — har bir idora va korxonada, tashkilot va mahkamada ishlaydigan millati bor, ammo milliy g‘ururi yo‘q odam. Qornining g‘amini orining g‘amidan ustun qo‘yadigan, sirtdan o‘ta madaniyatli, ammo o‘zbek bo‘lib tug‘ilganidan faxrlanish o‘rniga o‘kinadigan nafs bandasi — manqurt. Madaniyatli qul.

Oradan yillar o‘tar. Hozirgi muvaqqat moddiy-iqtisodiy qiyinchiliklar orqada ham qolar. Ana o‘shanda og‘ir xulyolar iskanjasidan qutulgan ahli yurt vaqtincha biroz chetda qolgan qadriyatlarini yana e’zozlaydi, boshiga ko‘taradi. Birinchi navbatda, jondan aziz bo‘lgan onani — ona tilini, albatta.

Koshkiydi shunday bo‘lsa.

Zuhriddin Isomiddinov, 2015 yil.