Margaret Tetcher 1925 yilning 13 oktabr sanasida Buyuk Britaniya tarkibiga kiruvchi Linkolnshir grafligidagi Grantem shahrida dunyoga kelgan. U 1979−1990-yillar davomida Buyuk Britaniya bosh vaziri sifatida faoliyat yuritgan bo‘lib, Birlashgan Qirollikdagi ushbu yuqori lavozimni egallagan ilk ayol siyosatchi hisoblanadi.

Tetcher hukumat rahbarligi davrida kasaba uyushmalarining parlamentga ta’sirini kamaytirishga erishgan, ayrim sanoat sohalarini xususiylashtirib, siyosiy munozaralar shartini o‘zgartirgan. Sovet ittifoqini ochiq tanqid qila olgan. O‘zining salbiy fe’l-atvori, jumladan, britan qo‘shiqchisi Morrissi talqini bilan aytganda «aql bovar qilmaydigan darajada qaysar va boshqalarni tinglay olmaslik qobiliyati» uchun tarixda «Temir xonim» nomini olgan.

XX asrda Britaniyaning eng uzoq vaqt xizmat qilgan bosh vazir Tetcher oxir-oqibat o‘zining Konservativ partiyasi a’zolari tomonidan bosim ostida iste’foga chiqarilgan. Bugun, 13 oktabr kuni Margaret Tetcher 97 yoshni qarshi olgan bo‘lar edi. «Gazeta.uz» Britannica nashri va Margaret Tetcher fondi ma’lumotlari asosida u bilan bog‘liq qiziqarli faktlarni bir materialga jamladi.

Bolalik davri

Margaret Xilda Tetcher, Baronessa Tetcher (tug‘ilgan paytida Roberts familiyasida bo‘lgan) Albert va Beatris Roberts oilasida dunyoga kelgan. Tetcherning otasi baqqollik bilan shug‘ullanish barobarida hukumatda nufuzli lavozimlardan birida faoliyat yuritgan. Onasi ham siyosatga yaqin ayollardan bo‘lgan. Tetcherning ilmiy salohiyati uni Oksford universitetiga kirishiga zamin yaratdi va kimyo yo‘nalishini tamomlab, bu sohada tadqiqotchi sifatida ishlashiga imkon berdi. O‘qish davridayoq u siyosiy faol hayotni boshlab, universitetdagi Konservativlar Assotsiatsiyaning birinchi ayol prezidentiga aylandi.

1954 yildan boshlab Tetcher soliq huquqi bo‘yicha ixtisoslashgan barrister (advokat) sifatida faoliyat olib borgan.

1951 yilda u boy sanoatchi Denis Tetcherga turmushga chiqdi. Turmush o‘rtog‘i uning siyosiy ambitsiyalarini qo‘llab-quvvatladi. 1953 yilda juftlik egizak farzandli bo‘ldi.

Margaret Tetcher tug‘ilgan uy otasining baqqolhonasi yonida bo‘lgan. Linkolnshir, Grantem. Foto: Margaret Tetcher fondi.

Tetcher birinchi marta 1950 yilda parlamentga o‘z nomzodini qo‘ygan, ammo mahalliy Konservatorlar ovozining 50 foizdan yuqori qismini to‘plaganiga qaramay, muvaffaqiyatsizlikka uchragan. 1959 yilda London shimolidagi Finchley tumaniningg konservativ oqimidan joy egallab, Jamoatchilik palatasiga kirdi. U partiya ichida barqaror ko‘tarilib, Pensiya va milliy sug‘urta vazirligida parlament kotibi, muxolifatning ta’lim bo‘yicha bosh vakili, ta’lim va fan bo‘yicha davlat kotibi lavozimlarida ishlagan.

Edvard Xit partiyasining a’zosi sifatida faoliyat olib borgan paytida, u ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan maktab o‘quvchilarini bepul sut bilan ta’minlash dasturini bekor qildi. Shuningdek, 1960 yillarda Leyboristlar (Mehnat partiyasi) tomonidan ishchilar sinfi bolalari munosib ta’lim olishlari uchun joriy etilgan keng qamrovli maktablarni yaratdi.

1974 yilda Xit ketma-ket ikkita saylovda mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, Tetcher, partiya iyerarxiyasining past bo‘g‘inida bo‘lishiga qaramay, partiya rahbarligiga da’vo qilishga munosib yagona vazirga aylandi. Konservativ o‘ng qanotning qo‘llab-quvvatlashi bilan u 1975 yil fevral oyida rahbar etib saylandi va shu tariqa Britaniya qiyofasini o‘zgartiradigan 15 yillik yuksalish davri boshlandi.

Tetcherning partiyadagi g‘alabasi. Foto: thoughtco.com.

Bosh vazirlik davri

Tetcherning hokimiyat tepasiga kelishi dastlab mamlakat iqtisodiyotida o‘z aksini topdi. Kuchsiz iqtisodiyot sharoitida u ba’zi hukumat tartiblarini bekor qildi, korxonalarga subsidiyalar berishni qisqartirdi yoki butunlay to‘xtatdi. Buning ortidan ishlab chiqarish sanoatini ko‘plab samarasiz, shu bilan bir qatorda, ayrim aybsiz korxonalardan tozaladi.

Natijada 1979 yilda 1,3 million nafarni tashkil etgan ishsizlar soni ikki oy ichida ikki baravarga ortdi. Shu bilan birga, inflyatsiya 14 oy ichida ikki baravarga o‘sib, 20 foizdan oshib ketdi, ishlab chiqarish sanoati esa keskin pasaydi. Birinchi muddat tugagunga qadar inflyatsiya pasayib, ishlab chiqarish hajmi oshgan bo‘lsa-da, ishsizlik o‘sishda davom etdi va 1986 yilda ishsizlar soni 3 milliondan ko‘p edi.

Foto: Margaret Tetcher fondi.

Birinchi muddat tugagandan so‘ng, Folklend orollari uchun kechgan urushdagi g‘alaba uning yana hokimiyatda qolishiga zamin yaratdi. Bu omma orasidagi kayfiyatni yaxshiladi va Tetcher ikkinchi muddatga bosh vazir bo‘lib saylandi.

Bu davrda mashhur siyosatning natijalari tobora ko‘proq sezilib bordi: u inflyatsiyani pasaytirishga, xorijiy investitsiyalar oqimini oshirishga va korxonalarni modernizatsiya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Tetcher ish tashlashlarga qarshi keskin kurash olib bordi, kasaba uyushmalari sonini qisqartirdi va ularning mamlakat siyosiy hayotiga ta’sirini pasaytirdi.

Ijobiy o‘zgarishlar «Temir xonim»ga uchinchi muddatga o‘z lavozimida qolish imkonini berdi. Bu davrga kelib ishsizlik ham pasaya boshladi, biroq jamiyatda hamon uning siyosatiga nisbatan salbiy munosabat hukm surardi. Shunga qaramay, Margaret deyarli 12 yil davomida bosh vazirlik lavozimini saqlab qoldi.

Nafaqaga ketishi

Aholi o‘rtasida qo‘llab-quvvatlashning pastligi Konservativlar partiyasida ichki nizolarga olib keldi va Tetcher ham rahbarlik, ham bosh vazirlik lavozimidan chetlashtirildi. U reytinglar, aholi orasidagi fikrlar va so‘rovlar haqida bosh qotirishni hush ko‘rmagandi.

1990 yilda «Temir xonim» partiyadagilarning bosimi ortidan iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng, u yana ikki yil Jamoatchilik palatasining a’zosi bo‘lib qoldi. Ammo biroz vaqt o‘tib taniqli siyosiy arbob sifatida parlamentni butunlay tark etishga qaror qildi. Margaret hech qachon o‘z e’tiqodini yashirmadi, u hokimiyatni, hukumatni tanqid qilishda va siyosatchilarni harakatsizlikda ayblashda davom etdi.

Bir muncha vaqt u Filipp Morrisning maslahatchi bo‘lib ishladi va uning shaxsiy fondini boshqardi. 90 yillarning o‘rtalarida Tetcher Uilyam va Meri kollejining faxriy rektori bo‘ldi va keyinchalik Bukingem universitetida ham xuddi shunday lavozimni egalladi. Ammo uning sog‘lig‘i tobora yomonlashib, ish yuritish jarayonini qiyinlashtirdi. Yangi asr kirib kelishi bilan «Temir xonim» omma oldida kamroq paydo bo‘la boshladi.

Vafoti

Turmush o‘rtog‘i vafotidan keyin Margaret Tetcher boshqa oila qurishni istamadi.

2000 yillarning boshida Tetcherga demensiya tashhisi qo‘yildi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng uning ahvoli yanada yomonlashib, qayta tiklanmadi. 2013 yilning 8 aprel kuni insult kasali ortidan vafot etdi.

Margaret Tetcher dafn marosimini hayoti davomida rejalashtirgandi. Uning vasiyatiga ko‘ra, tanasi kuydirilib, kuli Chelsida, erining qabri yoniga qo‘yildi. Sobiq bosh vazirning ikki nafar egizak farzandi Mark va Kerol Tetcher bor.

Margaret Tetcherning faoliyati davomidagi suratlari to‘plami

AQSh prezidenti Djimmi Karter bilan ilk uchrashuv. Foto: Margaret Tetcher fondi.

OQ Uydagi uchrashuv (AQSh). Foto: Margaret Tetcher fondi.

Ronald Reygan bilan suhbat. Foto: Margaret Tetcher fondi.

Tetcher oila a’zolari davrasida. Foto: Margaret Tetcher fondi.

Tetcher (o‘ngda) Qirolicha Yelizaveta (chapda) II bilan. Foto: Margaret Tetcher fondi.

Tetcherning so‘nggi suratlaridan biri. Foto: Margaret Tetcher fondi.