Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Qibray tumanida qurilishi rejalashtirilgan kottejlarga oldindan pul to‘lagan 108 ta xonadon egalari to‘planib prezidentga murojaat qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu kottejlar Limonaria qurilish kompaniyasining Baraka Hi-tech House loyihasi hisoblanadi. Qurilish ishlari 2022 yilning noyabr dekabr oylarida tugallanib, uylar o‘z egalariga topshirilisha kerak bo‘lgan. Ammo belgilangan hudud hozirda qarovsiz holatda turganligi ma’lum bo‘ldi.

Murojaat qiluvchi fuqarolardan biri kurilish uchun har bir loyihaga 2,5 sotix yer berilgani, bunda fuqarolar 500 mln so‘mdan 1 mlrd 200 mln so‘mgacha to‘lovni amalga oshirgani, ammo qurilish ishlari haligacha boshlanmaganini qayd etdi.

«Kompaniyadan izoh so‘radik. Uning norasmiy direktori Ismailov Bahodir va yuridik boshlig‘i Karimova Feruza kottejlar quriladigan maydon katta qarzdorlikni to‘lab MIB organilari ishtirokida auksiondan sotib olinganligi va foydalanish uchun Davlat arxitektkra idorasidan elektron kadastr hujjatini taqdim etishdi», — deydi fuqarolardan biri.

Shuningdek, to‘planganlarning aksariyati o‘z turar joyini sotib ijarada yashayotgani, prokuratura, Senat va Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilingandan so‘nggina norasmiy boshqaruvchi kamoqqa oligani ham aytib o‘tildi.

«Gazeta.uz» Limonaria kompaniyasining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi yo‘qolib qolganiga e’tibor qaratdi.

Boshqa bir fuqaro vazirlikka murojaatdan so‘ng pullar qisman qaytarilishidan norozi bo‘ldi.

«Bizga pullarni qisman qaytarib olasizlar deb aytyapti. Nima uchun qisman? Uyimizni sotib, oylikka ishlab nechi yildir yig‘gan pulini kimlargadir […] prezidentimiz vakolat berganlarku hokimiyatdagilarga, xalqqa yordami tegsin deb imkoniyat beryapti. Ular esa bizni suiiste’mol qilmoqda», — dedi u.

Yig‘ilganlar nomidan so‘zga chiqqanlar «aldanib» qolishda faqatgina qurilish kompaniyasi boshlig‘ining emas, balki ularga shunday hujjatlarni taqdim etgan davlat organlarining ham hissasi borligini ta’kidladi.

Yana bir fuqaro jami to‘plangan pullar 6 mln dollar ekanligi va ularni o‘z egalariga qaytarish kerakligi bo‘yicha murojaat qildi.

«Boshqa joylarda ham qurilayotgan loyihalari bor. U yerda yaxshi auditorni olib borib tekshirish kerak va moddiy va manaviy zararni qoplashi kerak. Prezidentimizdan bu bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishni so‘raymiz» — deyiladi videoda.