Yagona respublika protsessing markazi (Uzcard brendi) yana xususiy kompaniyaga aylandi, deya guvohlik bermoqda Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlari.

«Gazeta.uz» 2020 yilning may oyida prezidentning kuyovi Oybek Tursunov kompaniya ustav kapitalidagi 75 foiz ulush egasiga aylanganini yozgan edi. Biroq o‘sha yilning avgust oyidayoq u Uzcard ta’sischilari ro‘yxatidan chiqdi va 75 foiz ulush beshta davlat bankiga — O‘zmilliybank (51 foiz), «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka bank», «Ipoteka-bank» va «Aloqabank»ga (6 foizga mos ravishda) o‘tkazildi.

2022 yil mart oyida davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish dasturi doirasida banklarning 75 foiz aksiyalari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (DABA) o‘tkazildi.

Tender komissiyasi Uzcard`dagi 75 foizlik davlat ulushini mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda baholash yo‘li bilan sotishga qaror qildi va avgust oyi oxirida xususiylashtirish jarayonini e’lon qildi.

«Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, kompaniyaning boshqa egalari davlat aksiyalarining 75 foizini imtiyozli ravishda sotib olish huquqidan foydalanishlari mumkin.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, davlat ulushi kompaniyaning qolgan 25 foiziga egalik qilgan Mansur Po‘latovich Usmonov, Kamron Anvarovich Akbarov, Timur Maxmudjanovich Azadov va Obid Alimdjanovich Agzamxo‘jayevga o‘tkazildi. Endi ularning har biri Uzcard`da 25 foizlik ulushga ega.

Eslatib o‘tamiz, DABA ta’sischilarning o‘zgarishi va bitim tafsilotlari, shu jumladan, sotilgan davlat ulushi qiymatini hali e’lon qilgani yo‘q.