10 oktabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i Abdurahim Muhiddinov «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha Respublika shtabi tomonidan hududlarda o‘tkazilgan o‘rganish ishlari borasida ma’lumot berdi.

Yuklatilgan vazifa va topshiriqlar ijrosida kamchilikka yo‘l qo‘ygan va o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan 427 nafar mas’ullar intizomiy va 724 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi, 3040 nafar shaxs rasman ogohlantirildi.

Xususan, yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyati hokimlarining hamda 107 nafar tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari, shuningdek Madaniy meros agentligi direktori, Madaniyat, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Gidrometeorologiya xizmat markazi hamda «O‘zsuvta’minot» AJ rahbarlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlariga jazo choralari qo‘llanildi.

Bosh prokuratura vakilining aytishicha, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 185 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi, 880 nafar fuqaro va tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi.

«Qurilish sifati va ish hajmlarini to‘liq bajarilishi o‘rganilib, 1553 ta holatda sifatsiz bajarilgan 32,3 mlrd so‘mlik hamda 793 ta holatda hisobotlarga qo‘shib yozilgan 37,9 mlrd so‘mlik ishlar bartaraf ettirilishi orqali kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldi olindi», — dedi Abdurahim Muhiddinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, obyekt pudratchisini tanlashdagi korrupsiya holatlarini oldini olish maqsadida pudratchi-larning reytingini haqqoniy tarzda, inson omilisiz aniqlash va tender o‘tkazishda adolatli raqobat muhitini ta’minlash yuzasidan takliflar ishlab chiqilib, hukumat tomonidan ushbu takliflarni amaliyotga tatbiq etish choralari ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini moliyalashtirish hajmini oshirish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi. Dasturlar ijrosini nazorat qilish uchun elektron dastur ham yaratilgandi.