Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Belgiyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bu haqda qo‘mita rasmiy axborot xizmati «Gazeta.uz» xabar berdi.

Tashrif davomida DBQ raisi va Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida bir qator takliflarni ilgari surdi.

Xususan, kadrlarni tayyorlash, inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishlarida Jahon bojxona tashkiloti mutaxassislarining O‘zbekistonda bojxona organlari xodimlarining o‘quv jarayonidagi ishtirokini kuchaytirish, tashkilotning hududiy o‘quv markazlarida Bojxona institutining professor-o‘qituvchilari uchun muntazam amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish kabi imkoniyatlar o‘rganilmoqda.

Shuningdek, Jahon bojxona tashkilotining navbatdagi yillik «PICARD» nufuzli xalqaro konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi.

«Bizning oliy maqsadimiz — xodimlarga zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratish, ijtimoiy himoyani kuchaytirishdan iboratdir. Barchamizga ma’lumki, xodim uchun qulay ish sharoiti yaratilmas ekan, xodimning o‘zi ushbu sharoitni yaratish maqsadida korrupsiyaga qo‘l uradi. Bu borada xorijiy tajribani o‘rganish uchun biz BAA, Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya va qo‘shni davlatlarda bo‘lib, har bir davlatda xodimlarning ish samaradorligini oshirish bo‘yicha xorijiy tajribasini puxta o‘rganib chiqdik va bu borada o‘zimizning modelimizni ishlab chiqdik», — dedi o‘z so‘zida Mavlonov.

Shuningdek, tashkilot doirasida xalqaro darajadagi yirik tadbirlarni O‘zbekistonda (Samarqand shahrida) o‘tkazish taklifi bildirildi.