O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi [PF-5270-son] farmoni bilan 2018/2019 o‘quv yilidan OTMga qabul kvotasining ikki foizi miqdorida nogironligi bo‘lgan shaxslarga qo‘shimcha kvota ajratildi. Buning ortidan oliygohlarga kirgan mingga yaqin abituriyent 2022 yilga kelib, oliy ma’lumotli kadr sifatida o‘qishni tamomladi.

Biroq ular orasida qo‘lida diplomi bo‘lsa-da, haligacha munosib ish topa olmay, sarson yurganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov mazkur muammoga e’tibor qaratdi.

«Davlatning shuncha xarajati havoga ketmasin»

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 25 yil davomida, ya’ni 2016 yilga qadar taxminan 800 nafar nogironligi bor shaxslar oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan.

Ularning 100 nafari davlat granti asosida o‘qigan bo‘lsa, qolgan 700 nafari to‘lov shartnomasi bo‘yicha tahsil olgan. Minglab nogironlar kontrakt pulini to‘lolmay, o‘qishini tashlab ketgan. Chunki u paytlarda kvota bo‘lmagan.

«Ayni paytda oliy ta’lim muassasalarida 7,5 mingga yaqin nogironligi bor shaxslar bilim olyapti. Ular kvota bo‘yicha grant asosida o‘qiyapti, xarajatlarini davlat qoplamoqda. Bu — inqilobiy o‘zgarish. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bilim olish juda ham muhim. Ular bilim orqali ishga kiradi, pul topadi va jamiyatda o‘z o‘rnini topadi», — dedi u.

Foto: Oybek Isoqovning shaxsiy arxividan.

Uning ta’kidlashicha, 2022 yilda 960 nafar talaba oliy ta’lim muassasalarini bitirdi. Ular ikki foizli kvota bo‘yicha o‘qigan ilk qaldirg‘och hisoblanadi.

«Ushbu shaxslar davlat budjeti hisobidan o‘qigan bo‘lsa-da, ammo ishsiz. Bu masala bilan biror tashkilot qiziqqani ham yo‘q, shug‘ullanayotgani ham yo‘q. Agar ularni ish bilan ta’minlamasak, davlatning shuncha mablag‘i, xarajati havoga ketgan bo‘ladi. Biz bu muammoni o‘tgan yili ham ko‘targandik. Biroq natija bo‘lmagan. O‘zbekiston 2021 yili BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qildi, ya’ni davlat nogironlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha majburiyat oldi. Konvensiyaning 27-moddasida nogironlarning ishlash huquqi haqida yozilgan. Davlatning o‘zi xarajatlarini to‘lab, o‘qityaptimi, demak, bitiruvchi kadrlarni uch foizli kvota bo‘yicha davlat tashkilotlariga ishga joylashtiraylik», — deydi Oybek Isaqov.

«Mutaxassisligim bo‘yicha ish yo‘qligini aytishdi»

26 yoshi Azizbek Qurbonov joriy yil Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kompyuter injiringi yo‘nalishini tamomladi. Ammo u ayni paytda ishsiz.

U bilan bo‘lgan suhbatda TATU surdotarjimoni Dildora Shermatova va karlar huquqlari faoli Ma’mur Ahliddinov yaqindan yordam berdi.

«Kichkinaligimdan kompyuter sohasiga juda qiziqaman. 2016 yili Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejni bitirdim. 2017 yil dekbarda chiqqan prezident farmonini o‘qib, juda xursand bo‘lganman. 2018 yilda ikki foizli kvota bo‘yicha TATUga o‘qishga kirdim. To‘rt yil davomida qiyinchilik bilan bo‘lsa ham faol bo‘lish va yaxshi baholar olishga harakat qildim. Bu borada surdotarjimon katta yordam berdi», — dedi u.


Foto: Azizbek Qurbonovning shaxsiy arxividan.

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunning 43-moddasida xodimlarning umumiy sonidan 3 foiziga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga jalb qilish belgilangan. Biroq Azizbek Qurbonov qonuniy huquqini talab qilib, davlat tashkilotlariga borganiga ham besamar ketganini aytmoqda.

«Oilaliman. To‘rtinchi kursda o‘qib yurgan paytimda ishlab, pul topish maqsadida prezident portaliga murojaat qildim. Shundan so‘ng Toshkent shahar IIBB meni suhbatga chaqirdi. U yerdagilarga IT sohasida oddiy mutaxacsis lavozimida ishlashim mumkinligini aytdim. Lekin harbiylikka yaroqsizligim, faqat baquvvat insonlar ishga olinishi va boshqa turli fikrlarni bildirib, rad javobini berishdi. Ammo ular IT sohasi bo‘yicha oddiy mutaxassislikni harbiylikka qanday aloqasi borligini tushuntirib bera olishmadi. Vaholanki, prezidentning 2022 yil 8 fevraldagi [PQ-122-son] qarorida tug‘ma nogironligi bo‘lgan shaxslar IIVning kriminalistika yo‘nalishiga ishga qabul qilinishi belgilab qo‘yilgandi. Shunga qaramay, bu tizimga ishga kira olmadim. Bosh prokuratura vakillari bilan uchrashganimda, ular ham mutaxassisligim bo‘yicha ish yo‘qligini aytgan», — dedi u.

«Davlat tashkilotlarida nogironlarga nisbatan ishonchsizlik bor»

Hozirgi kunda ishsiz bo‘lgan Azizbek Qurbonov o‘qishni bitirib, qo‘lida hunari bo‘lsa-da, hanuz ishsiz ekanligini ta’kidladi.

«Kompyuterni yaxshi tushunsam, bir qancha dasturlarda ishlay olsam ham ish topolmayapman. Davlat tashkilotlarida nogironlarga nisbatan „Bular ish paytidagi topshiriqlarni vaqtida yoki ko‘ngildagidek bajarmaydi“, degan ishonchsizlik bor, deb o‘ylayman. Ikki foizli kvota bo‘yicha shu yil o‘qishni tamomlagan kursdoshlarim va boshqa tanishlarim ham ishsiz yuribdi», — dedi u.

Uning aytishicha, rafiqasi ham bugungi kunda ishsiz. U 2022 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomladi.

«Turmush o‘rtog‘im ham kvota asosida bu yil o‘qishni bitirdi. Yo‘nalishi bo‘yicha bir qancha ixtisoslashtirilgan maktabga ish so‘rab bordi. Ammo mutaxassisligi tasviriy san’at bo‘lgani uchun ishga olishmadi. O‘zbekistonda nogironlar, xususan, biz — eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning ham ish bilan ta’minlanishini xohlayman. 3 foizli kvota nega amalda ishlamayapti? Eng qizig‘i, organ xodimlarining o‘zi shu qonunga amal qilmasa. Ularni nazorat qiladigan tashkilot bormi? Biz ham davlat rivojiga hissa qo‘shishni, iqtisodiyotimiz o‘sishini, nimalarga qodir ekanligimizni ko‘rsatishni istaymiz. Sog‘lom odamlarning ko‘pchiligi bizlarga ishonchsizlik bilan qarashni yo‘qotishini so‘raymiz», — dedi Azizbek Qurbonov.

«Argos tizimi orqali ham ish topolmadim»

24 yoshga kirgan Sarvarbek Sayitmurodov II guruh nogironi. U joriy yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining korporativ boshqaruv yo‘nalishini bitirishiga qaramay, hamon o‘ziga munosib ish izlash bilan ovora.

«To‘rt yillik o‘qish mobaynida „Mikrokreditbank“ ATB Qamashi filiali, Moliya hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklarida amaliyot o‘tadim. Amaliyotlarimni yaxshi baholarga tugatganman. O‘qishni bitirgach, bir qancha tashkilotlarga ish so‘rab bordim. Kadrlar bo‘limlari vakillari ishga kirish jarayoni Argos tizimi orqali amalga oshirilishini aytdi. Shundan keyin Argos platformasidan ish izlab ko‘rdim. Ammo u yerda e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlarining deyarli barchasiga nomzoddan ish staji talab qilinarkan. Men esa universitetni endi bitirdim, menda staj nima qiladi? Haligacha o‘zimga munosib ish qidiryapman. Ingliz tilini biroz bo‘lsa ham bilaman. Kompyuterni tushunaman, Word, Excel, Power Point dasturlari bilan ishlay olaman. SMM sohasidan xabardorman, shu bo‘yicha kurslarda o‘qiganman», — dedi Sarvarbek Sayitmurodov.

U hozirda ish qidirish bilan bandligi va vaqtini behuda sarflayotganini qo‘shimcha qildi.

«Elektron baza shakllantirilmagan»

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqovning qo‘shimcha qilishicha, OTMni bitirgan 960 nafar talabaning qaysi soha bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishgani to‘g‘risida elektron baza mavjud emas.

«Misol uchun, qanchasi yurist, qanchasi hisobchi, qanchasi pedagog yoki arxitektor va hokazo. Aslida bu bazani Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi shakllantirishi kerak. Keyin ular Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini jalb qilib, birga ishlashi lozim. Chunki ushbu vazirlik nogironlarni ish bilan ta’minlashga mas’ul hisoblanadi. Ammo bu ikki tashkilot ham harakat qilgani yo‘q, nazarimda», — dedi u.

U bunday xulosaga kelishiga hozirga qadar biror ijobiy natijani ko‘rmaganini sabab qilib keltirmoqda.

«Bazani shakllantirishga bir kun vaqt ketadi xolos. Hozir hamma sohada elektron tizim mavjud. Barcha oliy o‘quv yurtlaridan qisqa vaqt ichida ma’lumot olish mumkin. Agar ushbu baza yo‘lga qo‘yilsa, kvota asosida bitirganlarning qanchasi ish bilan ta’minlanganligi, qaysi kasb bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar borligi va boshqa ma’lumotlardan xabardor bo‘lib borardik. Afsus, bu haqda elektron baza yo‘q, ma’lumotlar umumlashtirilmagan», — deya ta’kidladi u.

«Bizda bunday ma’lumotlar yo‘q»

«Gazeta.uz» mazkur masala yuzasidan mas’ul bo‘lgan davlat tashkilotlariga quyidagi savollarga bilan murojaat qildi:

  1. 2017 yilda 2 foizli kvota bilan o‘qishga kirgan va 2022 yilda tamomlagan talabalar soni qancha?
  2. Bu yilgi bitiruvchi nogironlarning mutaxassisligi bo‘yicha aniq statistika mavjudmi?
  3. Bitiruvchilarning qanchasi ish bilan ta’minlangan? Bu bo‘yicha vazirlik (agentlik) statistika yuritayaptimi?
  4. Ikki foizli kvota doirasida har yili qancha nogironlar o‘qishga kiryapti? Ayni paytda tahsil olayotganlar umumiy soni qancha?

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati mazkur savollarga javob berarkan, bitiruvchilarga oid ma’lumotlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bazasida borligini qayd etdi. «Bizda bu bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q ekan», — deya qo‘shimcha qildi agentlik vakili.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mas’ul xodimi esa quyidagicha javob berdi: «Ushbu savollar asosan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga oid ekan. Agar mazkur vazirlik nogiron talabalar va bitiruvchilar ro‘yxatini shakllantirsa, keyin biz monitoring yuritamiz. Ammo hududiy hokimlik, vazirlik va idoralar bilan ishlar tashkil etilyapti. Har bir OTM nogiron bitiruvchi bo‘yicha ish beruvchilar bilan shartnomalar imzolagan».

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaзирлиgi matbuot xizmati hozircha ma’lumotlar umumlashtirilmaganligi sababli savollarga javob bera olmasligi, ma’lumotlarni to‘plashga esa qo‘shimcha vaqt talab etilishini ta’kidladi.