Uzbekistan Airways aksiyadorlarining 30 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida 2021 yilning fevralidan buyon aviakompaniya boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Ilhom Maxkamov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini uch yilga uzaytirildi.

Ilhom Maxkamov 2020 yil oktabrdan buyon Transport vazirligi, transport sohasini, jumladan, aviatsiya sohasini tartibga soluvchi organ rahbari lavozimida ham ishlab kelayotgan edi.

Avvalroq AviaST (Rossiya) havo qatnovi va sayyohlik kompaniyasi asoschisi, Vetnam aviakompaniyasining Fransiya va Yevropadagi mintaqaviy vakolatxonasining sobiq tijorat direktori Zafar Xusainov Kapital.uz muxbiriga Chikago konvensiyasi (xalqaro fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha) ilovasida Doc 8335-AN / 879 aviatsiya ma’muriyati va operatorlar o‘rtasidagi munosabatlar belgilangan bo‘lsa, tartibga soluvchi (Transport vazirligi) va operator (aviakompaniyalar) funksiyalarini birlashtirish mumkin emasligini ta’kidlagandi.

Bu tashkilotlar pozitsiyalarini birlashtirganda operatorlar o‘rtasida teng raqobat nuqtai nazaridan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga keladi va parvozlar xavfsizligi ustidan nazorat ham yo‘qoladi, degandi u.

Auditda xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) operator va tartibga soluvchi o‘rtasidagi funksiyalarni ajratish tizimini qat’iy ko‘rib chiqadi. Ajratishga rioya qilinmagan taqdirda, boshqa mamlakatlarga parvozlar taqiqlanishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev iyun oyida O‘zbekiston aeroportlariga investorlarni jalb etish, respublika hududlari o‘rtasida havo, temir yo‘l va avtomobil qatnovlarini ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni qoniqarsiz deb baholagandi. Transport vaziri «oxirgi marta ogohlantirish» olgandi.

Davlat rahbari sentabr oxirida ham transport sohasidagi islohotlarni jadallashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgandi. «Agar biz transport va logistikani yangi bosqichga olib chiqmasak, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlay olmaymiz», — degandi u.