Namangan viloyati Kosonsoy tumanida noyob kitoblar topildi. Bu haqda «Yangi O‘zbekiston» nashri xabar berdi.

Kitoblar orasida XIV — XX asrlarga oid qo‘lyozma va toshbosma kitoblar mavjud.

Kosonsoy tarix muzeyiga uzunqishloqlik Abdujabbor ota tomonidan taqdim etilgan ushbu jamlanmadan islom tarixi, fiqh, mantiq, adabiyot, hadis, hadis sharhiga oid «Tuhfatul obidin va insol oshiqin», «Al Abrori jon», «Marotil muaqqadin» (turkiy hadislar to‘plami), «G‘azal kitobi» (Fazliy Namangoniy), «Risolai marg‘ub» (masala kitobi), «Miftohi Yunon», «Qissai Ibrohim Adham», «Qissasul Anbiyo» kabi kitoblar o‘rin olgan.

Ularning aksari Namangandagi Matbai Is’hoqiya va Toshkentdagi G‘ulom Hasan Orifjonovlar bosmaxonalarida inqilobgacha bo‘lgan davrda chop etilgan.