Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi 23−27 sentabr kunlari Ukrainaning Rossiya egallab olgan hududlarida o‘tkazilayotgan referendumlarga o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqdagi xabarlar Qozog‘iston OAVlarida paydo bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari, shuningdek, bahordan boshlab rus qo‘shinlari nazorati ostida bo‘lgan Zaporoje va Xerson viloyatlarida o‘tkazilayotgan referendumlarga Rossiya federatsiyasiga qo‘shilish to‘g‘risida masala kiritilgan.

«O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan LXR va DXR hamda Zaporoje va Xerson viloyatlari harbiy ma’muriyati tomonidan Rossiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi referendum o‘tkazilishiga to‘xtalsak, Qozog‘iston davlatlarning hududiy yaxlitligi, ularning suveren tengligi va tinch-totuv yashash tamoyillariga tayanamiz», — deya bayonot berdi Qozog‘iston TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarov.

«Prezidentimiz bir necha bor, shu jumladan yaqinda BMT minbaridagi nutqida ushbu umumjahon tashkiloti nizomiga asoslangan xalqaro huquq prinsipiga qat’iy rioya qilish qanchalik muhimligini ta’kidlab o‘tdi. Nizomda BMTga a’zo davlatlarning tinchlikni saqlash va davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilish uchun javobgarligi haqida so‘z boradi», — deya eslatdi TIV vakili.

«Biz siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yishda yordam berishga tayyor ekanligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Shu bilan birga, mamlakatimiz mintaqaviy va global barqarorlikni saqlashni eng muhim vazifa deb biladi», dedi Aybek Smadiyarov.

Qayd etish joiz, Qozog‘iston TIV bayonoti mamlakat OAVlari tomonidan tarqatilmoqda, ammo u tashki siyosat idorasi veb-sahifasida e’lon qilinmadi.

Iyun oyida Qozog‘iston prezident Qasim-Jomart Toqayev Lugansk va Donetsk xalq respublikalaridan bo‘lgan «kvazi-davlat hududlari»ni tan olmasligini ta’kidladi. «Xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi amalga oshaversa, yer yuzida hozirgi 193 taning o‘rniga 500−600 dan ortiq davlat bo‘ladi. Bu tartibsizlik degani», — dedi u.

O‘zbekiston ham mart oyida Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olinmaganini ma’lum qilgandi. O‘sha vaqtda ташқи ishlar vaziri bo‘lgan Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishini aytgandi. O‘zbek rasmiylari o‘shandan beri mazkur masalada o‘z pozitsiyasini boshqa bildirgani yo‘q.