12 sentabr kuni Toshkent aeroportining xalqaro terminalida Bobur Diyor kompaniyasi o‘z taksi xizmatini ishga tushirdi. Taxi Airport Tashkent yorliqlari yopishtirilgan avtomobillar hozirda kelish terminalidan chiqish joyida turibdi. Ular xizmatidan foydalanish narxi 30 ming so‘mdan boshlanadi.

Qayd etish joizki, Toshkent xalqaro aeroportidan chiqish joyidagi noqonuniy taksichilar mavzusi uzoq vaqtdan beri muhokama qilib kelinadi. Jamoatchilik va sayyohlar haydovchilarning xiraligi va qo‘pol xatti-harakatlaridan norozi. Taksi haydovchilari shaharga chiqayotganlarning atrofini o‘rab olishadi, yo‘lini to‘sib, ba’zan shaxsiy chegaralarni buzishadi ham — yo‘lovchilarga teginishadi, jomadoniga changal solishadi. 2019 yilda kolumnist Nikita Makarenko «Gazeta.uz»da o‘nlab yillar davomida mavjud bo‘lgan «bombila»lar muammosini ko‘targan edi. Poytaxt aeroportidagi so‘nggi yangilikka qadar vaziyat deyarli o‘zgarmadi.

Toshkent aeroportida rasmiy tashuvchining paydo bo‘lishi noqonuniy taksichilar faoliyati barham topishining boshlang‘ich nuqtasi bo‘lishi mumkin. Biroq bir kunda va yolg‘iz holatda «bombila»lar masalasini hal qilib bo‘lmaydi, deya ta’kidladi Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva.

15 sentabr kuni kompaniya matbuot xizmati noqonuniy taksichilar provakatsiya uyushtirayotgani, haydovchilardan biri esa uni aeroport hududiga kiritmagan qorovulni urganini ma’lum qildi. Ra’no Jo‘rayeva noqonuniy taksichilarni yo‘lovchilar xavfsizligi uchun tahdid deb atadi.

«Gazeta.uz» muxbiri Jahongir Azimov aeroportda bo‘lib, Taxi Airport Tashkent rasmiy tashuvchisining xodimi hisoblanmagan taksichilar bilan suhbatlashdi.

«500 ming bo‘ladimi?» — deb so‘raydi taksichi uchib kelish terminali yaqinida Hindistondan kelgan yosh yigitdan. Chet ellik to‘rtta katta-katta jomadon ortilgan ikkita aravacha oldida turardi.

«Xo‘sh, bo‘ladimi? 500 ming», — deya takrorlaydi taksichi yigit avtoturarhoh bo‘ylab aylanib yurarkan.

Rasmiy taksi xizmati mashinalari chiqib keluvchilarni bevosita terminal oldida kutadi. Bir necha o‘n qadam narida panjara o‘rnatilgan bo‘lib, uning ortida kutib oluvchilar yo‘lovchilar orasidan o‘z yaqinlarini izlashadi. Kutib oluvchilar orasida esa, odatda, kelganlarga o‘z xizmatlarini taklif qiladigan shaxsiy tashuvchilar ham bo‘ladi. Sukut bilan javob berilishi va hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etishlariga qaramasdan, ba’zi taksichilar ularning orqasidan ergashishda davom etadi.

Noqonuniy taksichilar istar-istamas muloqotga kirishadi. Ular o‘z ishlari va rasmiy tashuvchilar paydo bo‘lganiga shaxsiy munosabati haqida so‘zlab berishdan bosh tortishadi, suhbatlashishni boshlagandan keyin ham shubhalanib qarab, to‘satdan jo‘nab qolishlari mumkin. Ular o‘zlarini bezbetlarcha tutishlari va yo‘lovchilarning hol-jonlariga qo‘ymasliklari haqidagi gaplarni rad etishadi, biroq ortidan kuzatsangiz, ularning aynan shunday qilishlarini ko‘rishingiz mumkin.

O‘nlab taksichilar bilan suhbatlashgandan keyin «Gazeta.uz» «bombila»lar aeroportga uchib keluvchilarni ovlaydigan tashuvchilarning yagona toifasi emasligini aniqladi.

Birinchi toifa — keluvchilarni kutish joyida (xaritada 3-raqam) mijozlarni qidirayotgan taksi haydovchilari. Aynan ular ko‘pincha bagajlarga tegib, qo‘llardan tutib olishadi, baland narxlar aytishadi.

Bunday haydovchidan shaharga chiqish uchun qancha haq olishini so‘rasangiz: «Narxini kelishsak bo‘ladi», «Shahardagiday», deya javob berishadi. O‘rtacha xarajat haqida so‘ralganda, javobdan qochishga urinib: «Xudo qancha bersa shuncha-da», deydi. So‘ralganlarning hech biri yo‘l kira o‘rtacha qancha bo‘lishini tilga olishmadi.

Ushbu taksi haydovchilarining avtomobillari ikkita olisdagi avtoturargohda — «Toshkent-Aero» bojxona majmuasi (7) va yashil zonadagi (8) avtoturargohga qo‘yilgan bo‘ladi.

Ikkinchi toifa mijozlarni kutish maydoni (4) oldidagi favvoralar yoki Bojxona majmuasi (7) yonidagi avtoturargohda ushlaydi. Bular ham noqonuniy taksi haydovchilari, lekin ular o‘z xizmatlarini xushmuomalalik bilan taklif qilishadi, ularning narxi ham juda yuqori, lekin allaqachon etarli.

Ikkinchi toifa mijozlarni kutish maydoni (4) oldidagi favvoralar yoki Bojxona majmuasi (7) yonidagi avtoturargohda tutadi. Ular ham noqonuniy taksichilar, lekin o‘z xizmatlarini xushmuomalalik bilan taklif qilishadi, ularning narxi ham juda yuqori, lekin insofliroq.

Haydovchilardan biri Iftixor Yandex Go agregatori taklif qilganidan 20−30 ming so‘m ko‘proq pul so‘rashini aytdi. Biroq Iftixor xizmatlaridan foydalanish uchun ilovani ochib, haydovchini kutish shart emas, deya tushuntiradi u. Shuningdek, yukni mashinaga joylab qo‘yadi, yetib borganlaridan keyin yuqori qavatlarga ham chiqarib berishi mumkin.

Uchinchi toifa — rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan taksi kompaniyalarining taksichilari. Ularning mashinalari sut rangida, tomidagi «shashka» va TT harflari tushirilgan davlat raqami bilan ajralib turishi mumkin. Bunday transport vositalarining eshiklarida odatda kompaniya haqidagi ma’lumotlar tushirilgan stiker bo‘ladi.

Bu haydovchilarning so‘zlariga ko‘ra, Taxi Airport Tashkent xizmati paydo bo‘lgunga qadar aynan ularning mashinalari kelganlar terminaliga eng yaqin to‘xtash joyiga (5) qo‘yilgan. Bu tashuvchilar xizmatidan foydalanish uchun yo‘lovchilar kutish joyidagi kabinada o‘tirgan dispetcherga murojaat qilishlari kerak edi.

Endilikda taksi kompaniyalarining mashinalari kelish terminaliga (6) eng yaqin avtoturargohga kirishda kutish rejimida turibdi. Bu yerda faqat taksi haydovchilari to‘xtashlari mumkin.

Taksichilar bilan suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, haydovchilarning uchala toifasi o‘rtasida tushunmovchilik bor. Rasmiy taksi kompaniyalari haydovchilari ba’zi haydovchilar o‘z xizmatlaridan foydalanishga majburlashadi, shuningdek, yo‘lovchilarni qo‘llaridan tutib olishadi, narxlarni oshirishlari va hatto mijozlarni aldashlarini ham tan olishadi.

«Beshta barmog‘ini og‘ziga solishadi», deyishadi taksi haydovchilari «birinchi toifadagi» taksichilarning narxini oshirib yuborishlari haqida.

«Agar [o‘sha haydovchilar] 100 ming so‘rasa, men 40 ming so‘rashim mumkin. Menda [narxlar] me’yorida, — deydi ikkinchi toifaga mansub haydovchi Iftixor. Bunday raqobat, uning so‘zlariga ko‘ra, «birinchi toifadagi» haydovchilarning noroziligiga sabab bo‘ladi. Iftixor ularning «surbet harakatlari» ortidan bir nechtasi bilan mushtlashib ham qolgan.

Suhbatlashishga rozi bo‘lgan Iftixor va boshqa haydovchilar taksichilarning bunday xatti-harakatiga qo‘llab-quvvatlamaydi va ayrim taksichilarning qo‘polligi, yolg‘onchiligi, yo‘lovchilarning shaxsiy chegaralarini buzishi O‘zbekiston imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini tan olishadi.

Iftixor o‘z vaqtida dunyo bo‘ylab ko‘p sayohat qilganini, boshqa mamlakatlarda bunday muammolar yo‘qligini bilishini aytdi.

U aeroportda uch yildan beri ishlayotganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda boshqa taksichilarga muammo tug‘dirayotgan besh-olti nafar taniqli haydovchi bor. Iftixorning ta’kidlashicha, «hatto huquq-tartibot idoralarining ham ularga kuchi yetmaydi», ba’zi hollarda esa ular «ichki ishlar organlari xodimlarining ishonchiga kirib olishadi».

«Mana men nafaqadagi harbiyman, — davom etdi Iftixor. — Oilamni boqishim kerak. Hayot qiyin. Ha, chiqish joyida yo‘lovchilarni bosib ketishadi. Lekin hamma ham buni qilmaydi. Hammani yoppasiga «bombila»ga chiqarish shartmas».

Erkakning qo‘shimcha qilishicha, ko‘plab haydovchilar potensial mijozlarga nisbatan nozik muomala qilishadi.

Kim «bombila»lik qilyapti? Menmi?» — haydovchi Alisherning jahli chiqadi. U taksi kompaniyasida ishlaydi va litsenziyalangan taksi xizmatini taqdim etadi, shuningdek, soliq to‘laydi.

Alisherning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda matbuot xizmati xabar qilgan hodisada taksopark haydovchisi aeroport qorovuli bilan janjallashgan. Alisherning hamkasblari («uchinchi toifadagi» ham) bo‘lib o‘tgan voqea haqida o‘z versiyalarini taqdim etdilar. Aeroport boshqaruv kompaniyasi matbuot xizmati 12 sentabr kuni taksi haydovchilaridan biri qo‘riqchini aeroportga kiritmagani uchun urganini ma’lum qilgandi. 14 sentabr kuni esa, matbuot xizmatining qayd etishicha, noqonuniy taksi haydovchilari Taxi Airport Tashkent avtomashinalari terminaliga kirishni to‘sib, aeroport rahbariyatidan o‘zlari uchun bepul to‘xtash joyi tashkil qilishni talab qilgan.

Haydovchilarning so‘zlariga ko‘ra, mashinalar to‘xtash joyiga kirish joyi dastlab aeroport xodimlari tomonidan o‘rnatilgan beton bordyurlar bilan to‘sib qo‘yilgan. Qo‘riqchilar avtoturargohga kirish eshigi oldida mashinalarni to‘xtatgan taksi haydovchilarini, garchi o‘zlari to‘sib qo‘ygan bo‘lsalar ham, kirishni to‘sib qo‘yganlikda ayblashdi, deydi ular.

Taksi kompaniyalari xodimlari hozirda terminalga eng yaqin to‘xtash joylarida bir soatlik to‘xtash narxi 3000 so‘mdan 10000 so‘mga ko‘tarilgani bois, ular to‘xtash terminalidan uzoqroqda to‘xtashga majbur bo‘layotganini ta’kidladi. Taxi Airport Tashkent xizmatidan foydalanish qimmat deb hisoblagan yo‘lovchilar uchun bu noqulay bo‘lishi mumkin, deydi haydovchilar.

Taksichilar ularning narxlari Yandex Go narxlaridan 20−30 mingga yuqori ekanini tan olishdi, ammo bu pul evaziga, ularning so‘zlariga ko‘ra, hammollik xizmatini ham taklif qilishadi.

Taksoparklar haydovchilari turli firmalarda ishlaydi. Ulardan biri — Ismoilning aytishicha, ular taksoparklarga kunlik reja topshirishadi, ularning yo‘nalishi hamisha aeroport va shartnoma asosida yo‘l haqini to‘laydigan mijozlar manzili o‘rtasida o‘tadi.

Haydovchilarning o‘zlari nima taklif qilishmoqda?

Taksoparklar haydovchilari Taxi Airport Tashkent`ga nisbatan hech qarshi g‘arazi yo‘qligini aytishdi. Ular soliq to‘lovchi rasmiy kompaniyada ro‘yxatdan o‘tganlari sababli o‘zlariga nisbatan «bombila» so‘zi ishlatilmasligini so‘rashdi. Ular bunday taksichilarga to‘xtash uchun to‘lovlarni chegirma bilan ta’minlashni taklif qilmoqdalar, chunki bu, jumladan, Toshkentga kelgan, lekin aeroportning rasmiy tashuvchisi xizmatlaridan foydalanishni xohlamaganlar uchun qulaylik hisoblanadi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, vokzaloldi maydon va avtoturargoh endilikda Toshkent aeroporti mulki hisoblanishiga qaramasdan, soatiga 10 ming so‘mlik narx juda ham baland

«Kun bo‘yi uchun 10 yoki 15 ming bo‘lsin, har kirish va har soat uchun emas», — deb so‘raydi Alisher.

«Ikkinchi toifa»ga mansub haydovchilar chorasiz holatga tushib qolganlari, «hayotlari og‘ir» ekanini ta’kidlashdi. Shu bilan birga, ularning ko‘pchiligi Yandex Go va boshqa agregatorlar bilan ishlashni xohlamaydilar. Ular litsenziyasiz ishlashadi, biroq ularni «bombila»lar deb atashganidan ham norozi bo‘lishadi hamda bu so‘zni beandisha va xira taksichi so‘zlari bilan ma’nodosh deb hisoblashadi.