Shavkat Mirziyoyev 22 sentabr kuni «Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatda ipoteka kreditlari bo‘yicha soliq imtiyozlarini qo‘llash shartlari takomillashtirildi, davlat rahbari iyul oyida bu borada ko‘rsatmalar bergandi.

Qarorga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning uy-joylarni sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lash uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydi.

Shuningdek, imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 80 baravaridan (73,6 mln so‘m) oshmagan qismiga tatbiq etiladi. Hozir bu miqdor qariyb 5 barobar kam — 15 mln so‘m.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida mazkur hujjatda ipoteka krediti olgan oilalar uchun imtiyozlar kengaytirilganini aytgandi.

«Birinchidan soliqqa tortilmaydigan (fuqarolarning daromadi) minimum oshdi. Agar bu yil yiliga 15 million so‘m bo‘lsa, ya’ni oila 1,5 million so‘m soliq imtiyozi olishi mumkin edi. Kelgusi yildan boshlab bu miqdor 73,5 million so‘mni yoki eng kam oylik ish haqining 80 barobarini tashkil etadi. Ya’ni, endi oyiga 1,5 million so‘m emas, 6 million so‘m. Bir yilda ipoteka krediti olgan oilaning jamg‘armasi 9 million so‘mni tashkil etadi» — dedi u.

Bundan tashqari, 2023 yildan boshlab ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan va rekonstruksiya qilingan mol-mulk unga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran 36 oy ichida begonalashtirilganda, mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan daromadlar belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.

1 noyabrdan boshlab, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (xonalarga bo‘lingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular bo‘yicha dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya to‘lashga ruxsat beriladi.

«Agar ilgari ta’mirlangan xonadon bo‘lishi kerakligi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 1 noyabrdan boshlab fuqarolarimizga birlamchi ta’miri bo‘lmagan xonadonlarni sotib olish huquqi beriladi. Shunga ko‘ra, bu ularga devorlar, devor qog‘ozi va boshqalarni tanlash imkonini beradi. Hozirgi bosqichda bu ipoteka olish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi, shuningdek, ular o‘z uylarini o‘zlari jihozlashlari mumkin bo‘ladi», — dedi Moliya vazirligi rahbari o‘rinbosari.

Shu bilan birga 2021 yilda yangi tartib asosida ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytiriladi.

Bundan tashqari, davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun jalb etilgan mablag‘lar hisobidan «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati tijorat banklari tomonidan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun 3 yil muddatga 12 foiz stavkada va foiz to‘lovlarini har 6 oyda to‘lash sharti bilan 300 milliard so‘mgacha budjet ssudasini ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Bunda kompaniya resurslarni tijorat banklariga 1 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda marja qo‘llagan holda joylashtiradi.

Prezident Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari yil yakuniga qadar uy-joylarni sotib olish va ipoteka kreditlarini rasmiylashtirish jarayonlarida fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida viloyatlar markazlarida Toshkent shahri tajribasi asosida ipoteka markazlarini tashkil etish vazifasini berdi. Ularda hududda uy-joy qurilishini amalga oshirayotgan qurilish-pudrat (developer) tashkilotlarining sotuv ofislarini, tijorat banklarining bank burchagi va kassalarini hamda xususiy notarial idoralarni joylashtirish choralarini ko‘riladi.

Shavkat Mirziyoyev avvalroq 1 sentabrga qadar ipoteka krediti berishda banklarga aholi daromadlariga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish borasida topshiriq bergandi.