Shavkat Mirziyoyev 21 sentabr kuni kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, islohotlar natijasida kimyo sanoatida mahsulot turi ko‘payib, rentabellik oshgan. Joriy yil 8 oyda 1 million tonnadan ziyod mineral o‘g‘it ishlab chiqarildi. Eksport qariyb 2 baravar ko‘payib, 330 million dollarga yetgan.

Bugungi kunda xususiy sektor kimyo tarmog‘ida 2 milliard dollarlik 15 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ularning 5 tasi yaqinda ishga tushdi.

Taqdimotda yil yakunigacha kutilayotgan natijalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Davlat rahbari bu sohadagi kelgusi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi yirik korxonalar negizida 4 ta kimyo klasteri tashkil etilmoqda. Ular xomashyodan tayyor mahsulotgacha ishlab chiqaradigan bo‘ladi. Hozirda 1,8 milliard dollarlik 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda va 5,6 milliard dollarlik yana 29 ta loyiha rejalashtirilgan.

Prezident ushbu klasterlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun loyiha ofisi tuzish, bo‘sh turgan maydonlarni lotlarga ajratib, xususiy investorlarni jalb etish kerakligini aytdi. Kimyo zavodlarida ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘it bilan uzluksiz ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Kimyo vositalari ishlab chiqarish sohasida xususiy sektorga keng o‘rin berib, ularni xomashyo bilan ta’minlash, xalqaro brendlarni olib kelish vazifasi qo‘yildi.