Ijtimoiy tarmoqlarda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan 585 probali sof oltindan yasalgan ko‘krak nishoni ta’sis etilib, egalariga tarqatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Yangilik tarmoqlarda keng jamoatchilik muhokamasida bo‘lganidan so‘ng, partiya raisi Alisher Qodirov tilla nishon yuzasidan izoh berdi.

Xususan, bloger Nikita Makarenko nishon kimlarga berilishiga qiziqdi, suratni unga aynan partiya a’zolari yuborishganini ta’kidladi.


Shuningdek, bloger Umid Gafurov esa o‘zining Telegram kanalida «bir tomonda insonlar mahallasiga suv o‘tkazish uchun ovoz yig‘yapti, ikkinchi tomonda partiyalar tilla buyumlar yasatyapti», deya post yozdi. Partiya raisi Alisher Qodirovga bir necha savollar yozib qoldirdi.


Bundan tashqari, Telegram’dagi Kompramatuzb kanalida «shunga sarflangan pullarni ishlatishga boshqa masala topa olishmagan, shekilli?! Boshi bilan o‘ylasa kerak a shular ham?», deya izoh qoldirildi.


Alisher Qodirovning aytishicha, partiyada yaxshi ishlagan mahalliy kengash deputatlarini rag‘batlantirish tizimi mavjud. Mazkur nishon ham ayni shu maqsadda Toshkent shahar kengashi xomiylik mablag‘i hisobiga yasattirilgan.

«Tashakkurnoma bilan birga qimmatbaho sovg‘a ham beramiz, qo‘l soati, telefon, noutbuk…Masalan, Qoraqalpog‘istonning Shumanay va Kegeyli tumanlarida deputatlarimiz Uljan Ravajova va Mirgul Baydullayeva tartibsizliklarda tasodifan aralashib qolgan va tergovga yaqindan yordam bergan fuqarolarni qamoqdan chiqarish va ularni keyingi ishlariga ko‘mak berishdagi faolligi uchun tashakkurnoma va 1 mln so‘mdan pul mukofoti berdik. Barcha hududiy partiya tashkilotlariga xomiylik mablag‘lari hisobidan faol mahalliy deputatlarni muntazam rag‘batlantirib borish tavsiya qilingan», — deb yozadi deputat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «mahalliy kengash deputati oylik olmaydi, ularga berilgan imtiyozlar ham haminqadar, lekin ishi juda og‘ir, ko‘p va konfliktlarga to‘la».

Shuningdek, u shahar partiya tashkilotining qaroriga asosan bir yilda bir marta, eng fidoyi tuman kengashi deputatini taqdirlash tizimini yo‘lga qo‘yilganini, tilla nishon esa rag‘batlantirishda o‘ziga xos yondashuv ekanini qayd etdi.

«Birinchi nishon Chilonzor tumani deputati Sanjar Imomovga berilibdi. Kollegial qaror. Ma’lumot berilishicha, nishon 2 million so‘m xomiylik mablag‘iga yasatilgan. Fidoyi mahalliy kengash deputati bundan ko‘piga munosib deb o‘ylayman», — dedi u.

Bundan tashqari, Alisher Qodirov partiya xalq pulini sovurayotgani va hech nima qilmayotgani aytilgan xabarlarga ham izoh berdi. U ayrim bloger «do‘stlar» tilla piar yoki pullik xabarlardan ortib, juda qimmat chorak diqqatini partiyalar faoliyatini yoritishga ajratganiga va qora piar qilinganiga tashakkur bildirdi.

«Partiya saylovoldi dasturining ijrosi bo‘yicha muntazam jamoatchilikka hisobot berib boradi. Ayrim bloger „do‘stlar“ tilla piar yoki pullik xabarlardan ortib, juda qimmat chorak diqqatini partiyalar faoliyatini yoritishga ajratganida o‘zlari ham, jamoatchilik ham partiyalar haqida sahifalaridagi tor doiraning fikridan ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lib, siyosiy partiyalarning xayrixohlari ham ko‘paygan bo‘lur edi. Qora piar ham foydali piar, faqat tekin. Bizni qora piarchilarimiz gohida bizga shunday yordam berib turishadi, tashakkur», — deb yozadi partiya raisi.