O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kafillik berish imkoniyatlarini qo‘shimcha ikki baravarga oshirish choralari ko‘rib chiqiladi.

Ushbu masala prezidentning 30 avgustdagi «O‘zbekiston respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan 2022 yildagi «Ochiq muloqoti»da belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-364-son] qarorida aks etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining 46 mingdan ziyod loyihalariga 15 trillion so‘mdan ortiq miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatilgan.

Prezidentning 9 iyundagi [PF-150-son] farmoniga muvofiq jamg‘arma tomonidan tijorat banklari kreditlariga kafillik kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalariga ajratiladigan kreditlarning 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda taqdim etilishi belgilangan.

Shuningdek, 2025 yil 1 yanvarga qadar olis va borish qiyin bo‘lgan, shuningdek, mehnat resurslari ortiqcha hududlardagi kooperatsiya asosidagi tadbirkorlarga, bundan tashqari, kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarga ajratiladigan kreditlarning 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda taqdim etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Yo‘l xaritasi»dagi vazifalar mazkur mablag‘lar hajmini 2 barobar oshirishni ko‘zda tutadi.

Shu bilan birga, kafil sifatida faqatgina jamg‘arma mablag‘larini emas, balki aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, ochilgan akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov ta’minoti sifatida foydalanish tizimini yaratish ham belgilangan.

Yuklatilgan vazifalar bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi va boshqaruv qarori 2022 yilning oktabr oyida Iqtisodiy taraqqiyot (I. Norqulov) va Moliya vazirligi (T. Ishmetov) hamda Markaziy bank (M. Nurmuratov) tomonidan taqdim etilishi belgilangan.