Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etmaydi. Bu haqda TASS mamlakat hukumati matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.

Qayd etilishicha, u Armanistondagi vaziyat tufayli shunday qarorga kelgan.

Bir muddat avval SHHTning O‘zbekistondagi milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov RIA Novosti agentligiga Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan sammit tashkilotchilarini Samarqanddagi SHHT sammitiga tashriflari bekor qilingani haqida xabardor qilmagani haqida ma’lum qilgandi.

Avval xabar berganimizdek, 13 sentabrga o‘tar kechasi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida harbiy to‘qnashuv yuz bergandi. Tomonlar o‘q otishni boshlaganlikda bir-birini ayblagan. Ikki davlat harbiy xizmatchilari orasida qurbonlar bor. Chorshanba kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida sulhga erishilganini olqishladi va siyosiy va diplomatik muzokaralar olib borayotgan tomonlarni vaziyatni normallashtirishga chaqirdi.

«Armenpress» ma’lumotlariga ko‘ra, Nikol Pashinyan KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida «Armanistonning hududiy yaxlitligini tiklash va Ozarbayjon qurolli kuchlarining mamlakatdan chiqib ketishini ta’minlash uchun tashkilot, shu jumladan, harbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaro davomida 105 nafar arman harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.