2022 yilning iyulida Shveysariya Federal jinoiy sudining apellyatsiya palatasi Gulnora Karimovaning advokatlari kiritgan korrupsiya ayblovlari bo‘yicha shikoyatini qisman qanoatlantirgandi. Mazkur sud qarori unga muzlatib qo‘yilgan 293 mln frank ($303 mln) mablag‘ni qaytarib olishga yordam berishi mumkinligi, bu O‘zbekiston mamlakatga qaytarmoqchi bo‘lgan xorijiy aktivlar miqdorining chorak qismidan sal ko‘prog‘ini tashkil etishi qayd etilgandi.

13 sentabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonovning savoliga javob bera turib, mazkur masalaga aniqlik kiritdi.

«Bizda bu bo‘yicha ma’lumot bor. Tegishli idoralar — prokuratura bilan birga ishlayapmiz. Hozir Shveysariyaning Federal sudi [mazkur ishga oid hujjatlarni] birinchi instansiyaga qaytargan. Bugungi kunda biz Shveysariyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan ish olib boryapmiz, [sud] hali yakuniga yetmadi. Sud jarayoni davom etmoqda», — dedi Muzraf Ikramov.

Shveysariyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy ham sud jarayoni ayni paytda davom etayotganini tasdiqladi.

«Ammo Shveysariya hukumati vakili sifatida hozirgi vaqtda bo‘layotgan sud ishi to‘g‘risida qandaydir izohlar bera olmayman, bunday vakolatga ega emasman. Bu sud jarayoni albatta, muayyan bir vaqt oladi va bu samarali kechishi uchun ham vaqt ajratilishi lozim», — dedi elchi.

Avvalroq, Shveysariya sudi Gulnora Karimova va uning jinoiy sheriklarining $336 mln mablag‘larini musodara qilingani haqida yozgandik. Qolaversa, yana $350 mln mablag‘larni musodara qilish masalasi ko‘rilmoqda. Boshqa davlatlardagi aktivlarning umumiy hajmi 14,3‬ trln so‘mga teng. Bu mablag‘larga 1400 tadan ortiq maktab qursa bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 18 martda Toshkent shahar sudi hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan edi.

2019 yil mart oyida AQSh Gulnora Karimova va «O‘zdunrobita»ning sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovni korrupsiya va 865 mln dollardan ko‘proq pulni «yuvgan»likda ayblagan edi. 24 iyunda esa Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova ishi bo‘yicha muzlatilgan 130 mln shveysar kronasi [$133,7 mln] miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgan edi.

2020 yilning may oyiga kelib, Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi Fransiyadan qaytarilgan. sentabrga kelib, Shveysariya hukumati musodara qilingan pul mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarish shartlari bo‘yicha mamlakat hukumatlari kelishuvga erishganini ma’lum qildi. O‘shanda Karimovaning Shveysariyadagi hisoblaridan olingan 131 mln dollarlik mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilishi aytilgandi.

Qolaversa, 2022 yilning 30 iyunida Kanadaning The Globe and Mail nashri Gulnora Karimovaga tegishli ekani taxmin qilinayotgan hashamatli ko‘chmas mulk u qamoqdalik vaqtida 68,4 mln dollarga qayta sotilgan bo‘lishi mumkin, deya xabar bergandi.