Avgust oyi oxirida Toshkent hayvonot bog‘ida jirafa Alatau o‘limi haqida xabar berilgan edi. 13 sentabr kuni hayvonot bog‘i jonivorning o‘limi sababini ma’lum qildi.

O‘limdan keyingi patologoanatomik va laborator tekshiruvlari natijalariga ko‘ra, hayvonning o‘limi proventrikulyar timpaniya tufayli yuzaga kelgan miya ishemiyasi tufayli sodir bo‘lgan. Timpaniya, o‘z navbatida, o‘n ikki barmoqli ichakning tug‘ma nuqsoni tufayli hosil bo‘lgan.

Alatau O‘zbekiston poytaxtiga 2016 yilda uch yoshligida Olmaota hayvonot bog‘idan olib kelingan edi. U Toshkent hayvonot bog‘idagi birinchi jirafa bo‘ldi.

«Bizda uning yashashi va to‘laqonli oziqlanishi uchun eng ma’qul sharoitlar yaratilgan edi, shuningdek, barcha profilaktik veterinariya tadbirlari ham o‘z vaqtida o‘tkazilgan», — deyiladi hayvonot bog‘i xabarida.