Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan oliy ta’lim muassasalari oldida yuqlarini ko‘targan talabalar va ularning ota-onalari yotoqxonadan joy olish ilinjida yig‘ila boshladi. «Gazeta.uz» muxbirlarining «Talabalar shaharchasi»dan tayyorlagan va talabalarning yotoqxona yoki ijaraga uy olishdagi muammolari aks etgan maqoladan so‘ng, 9 sentabr kuni oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov matbuot anjumani o‘tkazdi. O‘sha kuniyoq shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev talabalarni Tashkent Index hududidagi 10 ming o‘rinli binoga joylashtirishni taklif qildi.

Yangihayot tumanida joylashgan va talabalar uchun hozirlanayotgan mazkur obektdan «Gazeta.uz» muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam fotoreportaj tayyorladi.



«Gazeta.uz»ga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ullari ma’lum qilishicha, Tashkent Index savdo majmuasidagi ikki qavatli do‘konlarning tepa qismi yotoqxonaga aylantirilib, 10 ming kishiga joy qilinyapti. Lekin bu kompleksda 20 ming talabaga ham joy qilish imkoniyati mavjud. Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ehtiyojga qarab, kengaytirish mumkinligini aytmoqda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda qurilishi kerak bo‘lgan yotoqxonalar bunyod etilib, tayyor bo‘lgunga qadar savdo majmuasi vaqtincha yotoqxona vazifasini bajaradi.

«Joriy hafta davomida oliy ta’lim muassasalari rahbariyatlari yotoqxonada turish istagidagi talabalar ro‘yxatini shakllantiradi. Keyingi haftadan esa ko‘chish jarayoni boshlanadi. Talabalar bu yerda o‘quv yili yakunigacha yashab turishi ko‘zda tutilmoqda. Katta savdo kompleksini yotoqxonaga aylantirish oson ish emas. Hamma xarajat va harakat shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilyapti», — dedi vazirlik mas’ullari.







Ta’kidlanishicha, yotoqxona va unga yaqin bo‘lgan metro bekatlari orasidagi masofa 1,5−2 kmni tashkil qiladi. Talabalarni vaqtida o‘qishga borishi va yotoqxonaga qaytishi uchun avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi.

«O‘nlab avtobuslar yotoqxonaga yaqin bo‘lgan bir qancha metro stansiyalariga biriktirilib, talabalarni taqsimlangan holda olib boradi. O‘qishdan qaytishda ham metro bekatidan olib kelish masalasi muhokama qilinmoqda. Shu tariqa talabalar ham grafik asosida kun o‘tkazishga odatlanadi. Ayni paytda avtobus xarajatlari masalasi ko‘rib chiqilmoqda», — deya qayd etdi Oliy ta’lim vazirligi.


Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hamda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov.

Hozirda savdo majmuasida jihozlash jarayonlari qizg‘in kechmoqda. Mazkur yotoqxona vaqtincha bo‘lishiga qaramay, yashash, ovqatlanish, xavfsizlik, salomatlik va transport bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha aniq yechim va rejalar ishlab chiqilmoqda.

«Bir talaba uchun ijara narxi 200 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Talabalarning davlat yotoqxonalariga to‘laydigan mablag‘i (200 mingdan — 250 ming so‘mgacha) o‘zgarishsiz qoladi», — deydi vazirlik vakillari.

Talabalar oshxonasi jihozlanmoqda

Talabalar kir yuvish va quritish zali jihozlanmoqda

Talabalar yuvinish xonalari ta’mirlanib, jihozlanmoqda.