Navoiy viloyati prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda 10 sentabr kuni «Navoiy viloyati Karmana tumani 6-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ko‘p sonli bolalar ommaviy zaharlanibdi. Ovqat yoki suvdan zaharlanish bo‘lgani haqida taxminlar bor» nomli tarqalgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 9 sentabr kuni soat 17:00 da Karmana tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga 10 nafar voyaga yetmagan umumiy holsizlik, qusish va ich ketishi kabi klinik belgilar bilan yotqizilgan. Ushbu belgilar bo‘yicha bemorlarga tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limi tomonidan «oshqozon-ichak faoliyatini buzilishi» tashhisi qo‘yilgan.

Ularning 9 nafariga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ahvoli qoniqarli bo‘lganligi sababli, kasalxonadan chiqarilgan (1 nafar voyaga yetmaganga boshqa kasallik alomatlari o‘tkir resperator, yuqori nafas yo‘llarining shamollashi tashhisi bilan davolanmoqda).

Mazkur holat yuzasidan Karmana tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Ekspertiza tekshiruvi uchun tegishli namunalar olinib, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

«Tergovga qadar tekshirish natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda