Adliya vazirligi Teatr arboblari uyushmasining “Ilhom” teatrida “Подпольные девочки” (Yer osti qizlari)" spektakli bo‘yicha xulosa olinishi lozimligi yuzasidan davlat tashkilotlariga kiritgan xatiga munosabat bildirdi.

Xatda uyushma raisi Yoqub Ahmedov imzosi bilan IIBB va Milliy Gvardiya boshqarmasiga spektakl o‘zbek-afg‘on xalqlarining tinch va barqaror yashashi, ikki tomonlama davlat aloqalariga putur yetkazishi mumkin ekanligi qayd etilgandi.

“Ushbu spektaklda asosan, qo‘shni Afg‘onistonda yashayotgan insonlarning taqdiri, ayollarning qamoqqa olinishining halokatli oqibatlari, insonning asosiy huquqlari, mustaqil bo‘lish, bilim olish va o‘z taqdirini belgilashi, erkinligi uchun kurashishga harakat qilishi kabi masalalar o‘rin olgan ekan.

Afg‘onistonda ijtimoiy, diniy, va siyosiy ahvolni G‘arb dunyoqarashi asosida keng jamoatchilikka ko‘rsatish, milliy hamda diniy qadriyatlar va urf-odatlarni qoralash, o‘zbek-afg‘on xalqlarining tinch va barqaror yashashini, ikki tomonlama davlat aloqalariga putur yetkazishi mumkin.

Boshqa millatlarning urf-odatlari va milliy qadriyatlarini hurmat qilib, har tomonlama muhokama qilgandan so‘ng, jamoatchilik e’tiboriga havola qilinsa, maqsadga muvofiq", deyiladi xatda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

NNTni ro‘yxatga oluvchi organ bo‘lgan Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, “Teatr arboblari uyushmasi” tashkilotning ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalarining ommaviy tadbir o‘tkazishga ruxsatnoma berishi bilan bog‘liq munosabatlarga aralishishi ustav faoliyatidan chetga chiqish va qonunchilik talablarini buzish deb hisoblanadi.

Bunga asos sifatida “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning 4-moddasiga asosan, nodavlat notijorat tashkilotining davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonunning 8-moddasida nodavlat notijorat tashkiloti qonunchilik va ta’sis hujjatlariga rioya etishi, moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlashi, o‘z faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etishi shartligi aytilgan.

Keltirilishicha, “Teatr arboblari uyushmasi"ning 7 sentabrda yo‘llagan xati qonuniy kuchga ega emas.

Shundan so‘ng, qoldirilgani aytilgan spektakl o‘z vaqtida namoyish qilinadigan bo‘ldi.

10 sentabr kuni uyushma qonunchilik hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida yozma ravishda ogohlantirildi va davlat tashkilotlariga yuborilgan xatini ijrodan chaqirib olish haqida ko‘rsatma berildi.

Qayd etish lozimki, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning 31-moddasiga ko‘ra, teatrlar badiiy yo‘nalishlarni, repertuarni tanlashda, sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishda, shuningdek samarali ijodiy jarayonni va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda erkindir.

Ularning faoliyatiga aralashish madaniy faoliyat sohasidagi asosiy prinsiplardan biri bo‘lgan “ijodiy faoliyat erkinligi"ga ziddir, deyiladi vazirlik xabarida.

Shu bilan birga, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning 20-moddasiga ko‘ra, madaniy-ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni targ‘ib etishga, shuningdek, o‘zga shaxslarning huquqlarini kamsitishga qaratilgan plakatlar, timsollar, transparantlardan va boshqa ashyolardan foydalanish taqiqlanadi.

NNT ustav faoliyatidan chetga chiqish holatini yana takrorlansa, ma’muriy javobgarlik choralari ko‘riladi va faoliyatini to‘xtatish yuzasidan sud organlariga murojaat qilinadi.