8 sentabr kuni Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida Balmoral qasrida vafot etdi. Buyuk Britaniyada o‘n kunlik milliy motam boshlandi, u dafn marosimiga qadar davom etadi. Yelizaveta II Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va boshqa 12 mustaqil davlatni 70 yil boshqardi. «Gazeta.uz» qirolicha Yelizaveta II ning bolaligi, uning taxtga o‘tirishi hamda u haqidagi eng qiziqarli xotiralarni yodga oladi.

Yelizaveta II ning bolaligi

York gersoginyasi Yelizaveta yangi tug‘ilgan qizi bilan. 1926 yil, may. Foto: Speaight / Hulton Archive / Getty Images.

Yelizaveta II 1926 yilning 21 aprelda Vestminsterda York gersogi va gersoginyasi oilasida tug‘ilgan.

U bolaligidanoq ot minishni yaxshi ko‘rgan. Qirolicha poyga otlarini ham yetishtirgan, ular poygalarda unga ko‘plab sovrinlar olib kelgan.

10 yoshli malika Yelizaveta amakisi Gloster gersogi va instruktori bilan Vindzorda sayr qilmoqda. Foto: Getty Images.


Yelizaveta II`ning otasi Georg VI ning toj kiyish marosimi. 1937 yil 12 may. Foto: Central Press / Getty Images.

Georg VI va uning rafiqasi Yelizavetaning ikki qizi bor edi. Qirolichaning singlisi malika Margaret 1930 yilda tug‘ilgan va 2002 yilda vafot etgan.


1938 yilda malika Yelizaveta va Margaretning London hayvonot bog‘ida olingan surati. Foto: Hulton Archive / Getty Images.

Malika Yelizaveta 13 yoshga to‘lganda, Ikkinchi Jahon urushi boshlandi. Qirol Georg VI va uning oilasi doimiy bombardimonlarga qaramay, Britaniyani tark etmadi. Georg VI muntazam ravishda radioda gapirib, o‘z fuqarolarini qo‘llab-quvvatlagan. Qizlari ham chetda qolmadi. Bo‘lajak Yelizaveta II ning radioda birinchi chiqishi 1940 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tdi. Keyin malika Yelizaveta va Margaret urushdan jabrlangan bolalarga murojaat qilishdi. «Biz har birimiz bilamizki, oxir-oqibat hammasi yaxshi bo‘ladi», -deyiladi ularning murojaatida.


Yelizaveta va Margaret radio orqali murojaat qilishmoqda. Foto: Topical Press Agency / Getty Images.

1945 yil fevral oyida malika Yelizaveta hududiy mudofaaga kirdi, tez yordam haydovchisi bo‘ldi va leytenant unvonini oldi.


19 yoshli Elizabet harbiy kiyimda, 1945 yil. Foto: Keystone Getty Images.

1947 yil 20 noyabrda 21 yoshli malika Yelizaveta va Britaniya harbiy-dengiz kuchlari zobiti 26 yoshli Filipp Mauntbattenning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Nikohdan keyin Filipp asosiy e’tiborini qirollik oilasi a’zosi sifatida harakat qilishga qaratdi.

Foto: Hulton Archive / Getty Images.

Yelizaveta II va Edinburg gersogi deyarli 74 yil birga hayot kechirishdi.

Yelizaveta II`ning taxtga o‘tirishi

Yelizaveta II otasi Georg VI ning vafotidan keyin 1952 yil 6 fevral kuni 25 yoshida qirolichaga aylanadi. Unga toj kiydirish marosimi tarixda ilk bor televideniyeda namoyish etilgan shunday marosim bo‘ldi. Dastlab uning qirolicha bo‘lish imkoniyati kam edi, lekin amakisi Eduard VIII taxtdan voz kechgach, uning ukasi Georg VI monarx, Yelizaveta II esa taxt vorisi bo‘ldi.

Yelizaveta II’ning toj kiyish marosimi (1953 yil 2 iyun). Foto: AP / LETA.

Yelizaveta II taxtga o‘tirganida dunyoda vaziyat qanday edi?

Yelizaveta II taxtga o‘tirishidan yarim yil oldin Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimini uchinchi bor Uinston Cherchill egalladi. Cherchill o‘shanda deyarli 80 yoshda edi va bu vaqtinchalik tayinlov degan gap-so‘zlar paydo bo‘lgan. Ammo u belgilangan muddatning deyarli oxirigacha faoliyat yuritdi va lavozimni 1955 yilda tark etdi.

Misrda «Ozod zobitlar harakati» Buyuk Britaniyaga qaragan monarxiyani ag‘darib, mamlakatda Sovet Ittifoqiga yo‘naltirilgan yarim sotsiialistik rejimni o‘rnatadi. Sovet Ittifoqi hokimiyat tepasida bu payt hamon Iosif Stalin turardi. Ayni damda terrorning yangi to‘lqini — bu safar asosan sovet yahudiylariga qarshi qaratilgan harakatlar tayyorlanayotgan edi. Kreml rahbarlarini, shu jumladan Stalinni o‘ldirish niyatida ayblangan «shifokorlar ishi» ochilgan.

Koreya urushi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi, bu yerda dunyoning katta kuchlari — AQSh va SSSR (Xitoy ko‘magida) to‘qnash kelishdi. Koreya ikki qismga bo‘lingan holda qoldi. Bu payt Germaniya va Fransiya tashabbusi bilan tashkil etilgan va Yevropa Ittifoqining yetakchisiga aylangan Yevropa ko‘mir va po‘lat hamjamiyati o‘z ishini boshlaydi. Qo‘shma Shtatlarda «makkartizm» — senator Jozef Makkarti nomi bilan atalgan «kommunistik josuslarni» topish harakati kuchayib borayotgan edi. Ikkinchi jahon urushi qahramoni general Duayt Eyzenxauerning yil oxirida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishi ham aynan Makkartining ko‘magi tufayli yuz berdi. Uning qo‘l ostida «josuslar ovi» yanada kuchayadi.

Argentinada mahalliy populist-prezident Xuan Peronning turmush o‘rtog‘i, ba’zilar jo‘shqinligi uchun yoqtirgan, boshqalar esa dabdabaga bo‘lgan tashnaligi tufayli nafratlangan afsonaviy Evita Eva Peron vafot etadi. 1952 yil 7 oktabrda Leningrad shahrida Vladimir Putin dunyoga keladi.

Yelizaveta II ning xukmronlik davri

Uning hukmronligi davrida Britaniya bosh vazirlari orasida Uinston Cherchill, Margaret Tetcher, Toni Bler va Boris Jonson va boshqalar bor edi. Yelizaveta II Britaniya monarxlari orasida eng uzoq vaqt taxtda bo‘ldi.

Yelizaveta II va uning eri 1953 yil noyabr — 1954 yil may oylarida birinchi yirik xalqaro gastrolni amalga oshirdi. Olti oy davomida qirolicha va Edinburg gersogi 64 ming kilometr yo‘l bosib, Britaniya Hamdo‘stligi shtatlariga va boshqa bir qancha mamlakatlarga tashrif buyurishdi. Qirolichaning bu va undan keyingi barcha xorijiy tashriflari nafaqat u tashrif buyurgan mamlakatlarda, balki butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otdi.


Shahzoda Filipp va Yelizaveta II Nigeriyada, 1956 yil. Foto: Fox Photos / Hulton Archive / Getty Images.

Yelizaveta II, boshqa vazifalar qatorida, Buyuk Britaniya qurolli kuchlarining oliy qo‘mondoni ham edi.


Qirolicha Britaniya dengiz piyodalari bilan uchrashmoqda, 1980 yil. Foto: Getty Images.

Yelizaveta II 70 yildan ortiq hukmronlik qildi va jahon siyosatidagi barcha muhim shaxslar bilan uchrashdi. Masalan, AQSh prezidenti Ronald Reygan bilan.


Yelizaveta II ning AQShga tashrifi, San-Fransisko, 1983 yil mart. Foto: Getty Images.

1974 yil mart oyida Yelizaveta II ning yagona qizi malika Anna va uning birinchi eri Mark Fillips hujumga uchradi. Ularning Londondagi mashinasi Ian Boll tomonidan o‘qqa tutilgan, u malikani o‘g‘irlab ketish va uning uchun to‘lov talab qilishini e’lon qilgan. Malikaning qo‘riqchilari Bollni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo qo‘riqchilardan biri Jeyms Biton yaralandi. Sog‘ayib ketgach, Biton xizmatga qaytdi. 1984 yil oktabr oyida tasvirlangan Biton (qirolichaning chap tomonida) qirolicha Yelizaveta II va shahzoda Filippga ommaviy chiqishda hamrohlik qilmoqda. Ian Boll aqldan ozgan deb e’lon qilindi va ixtisoslashtirilgan shifoxonaga yuborildi, ma’lumotlarga ko‘ra, u hozirgacha o‘sha yerda.


Foto: Tim Graham Photo Library / Getty Images.


Malika Margaret, malika Diana, yosh shahzoda Uilyam va Garri, shahzoda Charlz va Yelizaveta II Bukingem saroyining balkonida 1989 yil 17 iyunda qirolichaning tug‘ilgan kunini nishonlash paytida. Foto: Getty Images.

1994 yil oktabr oyida qirolicha va uning eri Rossiyaga yagona davlat tashrifini amalga oshirdi. Yelizaveta II prezident Boris Yelsin bilan uchrashdi. Britaniya monarxlari Hamdo‘stlikka a’zo bo‘lmagan mamlakatlarga o‘z hukmronligi davrida faqat bir marta davlat tashrifi bilan borishlari mumkin. Bu qoida boshqa darajadagi tashriflarga taalluqli emas.


Foto: Anwar Hussein / Getty Images.

Yelizaveta II hukmronligi davrida Britaniya monarxiyasi bir necha bor inqirozlarga duch keldi. Qirolicha farzandlarining ajrashishlari va shahzoda Charlzning sobiq rafiqasi malika Diananing 1997 yil 31 avgustda Parijdagi avtohalokatda vafot etishi eng qiyin paytlar edi.

5 sentabr kuni, malika dafn marosimi kuni Yelizaveta II murojaat qildi, u va uning eri Bukingem saroyida qad rostlagan yodgorlikka gul qo‘yishdi. Foto: Ian Waldie / Reuters / Scanpix / LETA.


Yelizaveta II va Vladimir Putin. Foto: Getty Images.

Yelizaveta II Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashgan. Putin 2003 yil iyun oyida Buyuk Britaniyaga davlat tashrifi bilan borgan. U 1843 yildan beri Buyuk Britaniyada shunday darajadagi tashrif bilan qabul qilingan Rossiya davlatining birinchi rahbari bo‘ldi.

82 yoshli qirolicha Yelizaveta II Vindzorda ot minib sayr qilmoqda. 2008 yil, oktabr. Foto: Getty Images

Qirolicha hayotining so‘nggi yillarigacha ot minishni davom ettirdi.

2018 yilda Yelizaveta II ning nabirasi shahzoda Garri amerikalik Megan Marklga uylandi. 2020 yil boshida er-xotin qirollik oilasi a’zolarining aksariyat vazifalarini bajarmasliklarini e’lon qilishdi va mamlakatni tark etishdi. Bir necha oy o‘tgach, Megan Markl amerikalik teleboshlovchi Opra Uinfriga bergan intervyusida qirollik oilasida o‘zini noqulay his qilayotganini va uning ba’zi yangi qarindoshlari irqchi so‘zlarni aytganini aytdi. Britaniya ommaviy axborot vositalari manbalarga tayanib, qirolicha sodir bo‘lgan voqeadan juda xafa bo‘lganini da’vo qilmoqda. Shahzoda Garri va uning rafiqasi AQShda yashaydi, ularning ikki farzandi bor, 2021 yilda tug‘ilgan qiziga Lilibet deya ism qo‘yilgan. Bu Yelizaveta II ning bolalikdagi laqabi.


Megan Markl, Sasseks gersoginyasi va Yelizaveta II birinchi qo‘shma tadbirda, 2018 yil 14 iyun. Foto: Getty Images


Foto: Jonathan Brady / Getty Images

2021 yil aprel oyida Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp 99 yoshida vafot etdi. O‘sha paytda amalda bo‘lgan COVID’ga qarshi cheklovlar tufayli dafn marosimida atigi 30 ga yaqin odam bo‘lgan va malika xavfsizlik nuqtai nazaridan qolganlardan alohida o‘tirdi. Yelizaveta II ning yolg‘iz o‘tirgan holda xayrlashayotgani tasvirlangan suratlar pandemiya odamlar hayotini qanday o‘zgartirganining eng yorqin misollaridan biriga aylandi.

Qirolicha Yelizaveta II to‘rt farzandning onasi, shuningdek, sakkiz nabira va 12 evaraning buvisi edi. Yelizaveta II o‘zining so‘nggi kunlarigacha qirollik vazifalarini bajardi va omma oldida bo‘ldi.


Foto: Max Mumby / Indigo / Getty Images

Ushbu surat qirolichaning 2022 yil iyun oyi oxirida Shotlandiyaga tashrifi chog‘ida olingan.