Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 7 sentabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari ommaviy axborot vositalari jurnalistlari bilan onlayn uchrashuvda o‘z mamlakatining O‘zbekiston bilan munosabatlariga to‘xtalib o‘tdi.

«2021 yil biz uchun O‘zbekiston bilan munosabatlarda ancha samarali bo‘ldi. Men endigina vazir bo‘lganimda aynan Markaziy Osiyo davlatlariga alohida diqqat qaratmoqchi ekanligimni aytgandim. 2021 yilda esa biz tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazdik, parlamentlararo do‘stlik guruhini to‘pladik», — deb eslaydi u.

«Aslida, Rossiya sizning mamlakatlaringizdan bizga va Ukrainadan [sizga] tranzitni taqiqlagani sababli munosabatlarimizga jiddiy darz ketdi. Bu iqtisodiyotga qattiq zarba berdi. Ammo, shunga qaramay, biz bu munosabatlarni ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan jonlantirish uchun bor kuchimiz bilan harakat qildik», — dedi Dmitriy Kuleba.

«Men O‘zbekistonga tashrif buyurishni chin dildan xohlayman, mamlakatingiz tarixiga, uning o‘zagidan hayratga qoyil qolaman, chunki [uning] xalqi tarixning juda dahshatli davrlarini boshidan kechirgan. Biz hammamiz boshimizdan o‘tkazdik, hammamiz bir Sovet Ittifoqi tarkibida edik va ular imkon qadar milliy o‘zligimizni o‘chirishga harakat qilishdi, lekin qarshilik qildik», — dedi Ukraina TIV rahbari.

«Shuning uchun biz hozir ham, hatto hozirgi sharoitda ham munosabatlarni iloji boricha rivojlantirishga tayyormiz, chunki urush, bu — urush, lekin hayot to‘xtab qolgani yo‘q va biz oldinga siljishimiz kerak, hatto hozirgi voqelikda ham birgalikda nimalar qila olishinimiz mumkinligini izlashimiz kerak. Shuning uchun biz [barcha kelishuvlar] kuchda qolishi va rivojlanishi, yangi shartnomalar tuzib, ularni amalga oshirish tarafdorimiz. Biz o‘zbek biznesi bilan juda yaxshi aloqadamiz, O‘zbekiston hukumati bilan muloqot bor», — dedi Dmitriy Kuleba.

Jurnalistlarni Ukrainaning Markaziy Osiyo davlatlarining urush borasidagi tiyilib turish pozitsiyasiga qanday qaraydi, degan savol qiziqtirdi va bu savol turli talqinlarda bir necha bor berildi.

«Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining tutgan pozitsiyasiga kelsak, men bu savolga qisman javob berganman, biroq faqat bitta narsani qo‘shaman. Qarang: barchangiz, barchangizning davlatlaringiz bizning g‘alabamizdan manfaatdor bo‘lishingiz kerak. Chunki agar biz yutqazsak, ustingizga bostirib borishadi», — dedi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari.

«Agarda Rossiya Ukrainada qilganlarimiz uchun jazosiz qolgan va natijaga erishdik deb o‘ylasa, bunday vaziyatda, bunday eyforiyada endi uch karra, balki 10 karra kuchliroq jur’at bilan Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazishini tushunib turibsizku, axir. Rahbarlaringiz, hukumatingiz, menimcha, buni tushunishadi», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Biz hali ham o‘ta tiyilshan [pozitsiyani] ko‘rmoqdamiz. U do‘stona emas. Biz mamlakatlaringizda Ukrainaga nisbatan yaxshi va samimiy munosabatni his qilyapmiz. Lekin biz sizni tiyib turgan ba’zi omillar borligini tushunamiz. Bu omil, bu Rossiya bilan munosabatlar va Rossiyaning sizning ichki siyosatingizga ta’sir qilish qobiliyati deb ataladi. Xullas, bu omillar nima bo‘lishidan qat’i nazar, agar biz mag‘lub bo‘lsak, keyingisi siz bo‘lishingizni hamma tushunishini istayman. Ular hammani bo‘g‘ib qo‘yishadi, chunki ular bizni sun’iy shakllanish deb bilganlaridek, sizni ham sun’iy shakllanish deb bilishadi. Bu shafqatsiz haqiqat», dedi vazir.

«O‘ylaymanki, dono hukmdor o‘zini muvaffaqiyatidan manfaatdor bo‘lgan davlatga yordam berishning har doim u yoki bu yo‘lini topishi kerak, chunki u bu mamlakatning muvaffaqiyati, boshqa narsalar qatori, o‘z mamlakati xavfsizligining kafolati ekanligini tushunadi», deya qo‘shimcha qildi Dmitriy Kuleba.

Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Markaziy Osiyo davlatlarining barcha yetakchilari bilan muloqot qilishga tayyorligini aytdi. Hozircha faqat Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev bilan suhbat bo‘lgan.

Ukraina Markaziy Osiyo davlatlaridan mamlakatni qayta tiklashda yordam kutadimi degan savolga javob berar ekan, tashqi ishlar vaziri o‘zga mamlakatlarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan 7 mln kishidan ko‘pchiligining qaytishi kutilayotganiga qaramasdan, urushdan keyin inson kapitaliga bo‘lgan ehtiyoj «aqldan ozdirar darajada» yuqori bo‘lishini ta’kidladi.

«Shuning uchun, albatta, agar mamlakatlaringiz fuqarolari, mamlakatlaringiz kompaniyalari Ukrainaga kelishni, uni tiklashda yordam berishni, pul ishlashni istasa, biz ulardan faqat xursand bo‘lamiz. Rossiyadan farqli o‘laroq, biz shovinist emasmiz, antisemit va ksenofob emasmiz, shuning uchun biz boshqa xalqlar, boshqa davlatlar xalqlari vakillaridan doimo mamnunmiz. Biz erkinlik makonini, muvaffaqiyatli mamlakat qurmoqdamiz, buning uchun millat muhim emas. Shuning uchun biz baxtli bo‘lamiz», — dedi u.

Shu bilan birga, Dmitriy Kuleba Ukraina mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq barcha muammo va qiyinchiliklar, masalan, oilalar buzilishi va boshqa ijtimoiy oqibatlar bilan yaxshi tanishligini ta’kidladi, chunki ko‘p odamlar ilgari ishlash uchun mamlakatni tark etgan.

«Shuning uchun, eng avvalo mamlakatlaringizga muvaffaqiyatlar tilaymiz, hammasi yaxshi bo‘lsin, kuchli, iqtisodiy rivojlangan bo‘laylik, odamlar o‘z uylarida bo‘lsinlar, xalqlarimiz mustahkamlansin, xorijga ketayotgan odamlarini yo‘qotmasin», — dedi vazir.