O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 sentabr kuni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlash va ularning zaxirasini yaratish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Shu bilan birga, yig‘ilishda hududlarda yangi maktablar qurish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Bugun har bir hokim shoshilmasdan menga aytadi: ichki imkoniyat bormi yoki yo‘qmi? Agar bor bo‘lsa, nega xalqqa xiyonat qilyapsan? Nega [ajratilgan] pulni o‘zlashtirmayapsan? Nega bergan kreditni qila olmayapsan? Men bugun hammangdan so‘rayman», — deya ogohlantirdi prezident.

Uning qayd etishicha, 1 sentabr holatiga ko‘ra 290 ta maktabda, jumladan, Andijon viloyatida 25 ta, Buxoroda 24 ta, Jizzaxda 12 ta, Qashqadaryoda 32 ta, Navoiyda 8 ta, Namangan shahrida 12 ta, Samarqandda 8 ta maktabda, Toshkentda — 41, Sirdaryoda — 6, Farg‘onada — 23, Xorazmda — 6, Toshkentda — 23 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari tugallanmagan.

«Bu nimadan dalolat? Bugun ko‘tarilgan masalalardan kelib chiqib, investitsiya dasturini yakunlayman. Kelgusi yil maktablar uchun bu hududlarga pul ajratmayman. Hokimni ayblab, televizorga chiqib: „Buni qilmaganimga men aybdorman“, deyishga majbur qilaman», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovni 29 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari tugallanmagani uchun tanqid qildi.

«Surxondaryoda prokurorlar bilan gaplashadigan hokim bor. Prokuror bilan telefonda gaplashishdan oldin, maktablar qurish masalasini hal qilib qo‘y. Charchagan bo‘lsang, seni ham ishdan olaman», — dedi u.

Avgust oyi o‘rtalarida tarmoqda To‘ra Bobolov Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonovni haqorat qilgan audiosi tarqaldi. Hokimlik yozuvda hokimning ovozi borligini tasdiqladi, biroq u noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi.

«Gazeta.uz» 2022 yilda davlat 410 mlrd so‘mga 40 ta maktab qurishni rejalashtirayotganini yozgandi. Bu avvalgi yilga nisbatan qariyb 2 baravar ko‘p, ammo sinflarning to‘lib ketishi muammosini hal qilish uchun hali ham yetarli darajada emas. 235 ta maktabni ta’mirlash ishlari taxminan 1,2 trln so‘mga baholandi.