O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova umr yo‘ldoshi haqida xotirlar ekan, ilk tanishgan kezlaridanoq «uni mashaqqatli, ammo buyuk kelajak kutayotganini sezganini» ta’kidladi.

U bu haqda 3 sentabrda poytaxtdagi Oqsaroy qarorgohida birinchi prezidentning vafoti sanasi munosabati bilan o‘tkazilgan xotira kechasida aytib o‘tdi. Tadbirdan «Gazeta.uz» muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam fotoreportaj tayyorlashdi.

Kechada Islom Karimovning yaqinlari, jamoatchilik vakillari va taniqli san’atkorlar ham ishtirok etdi.


«Turmush qurgan paytimizda Islom Abdug‘aniyevich har tomonlama shakllangan shaxs edi. O‘shanda shaxsiyati va qarashlarini tushunganman. Ularni murakkab va mashaqqatli, ammo buyuk kelajak qarshi olishini sezganman, qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga ishonganman», — dedi Tatyana Karimova.


Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom Karimov hayotida ish hamisha birinchi o‘rinda bo‘lgan.

«Biz umrimiz mobaynida hamisha birga bo‘lganmiz. Sevgimiz bizni birlashtirgan va kuch bag‘ishlagan. Qayg‘uni ham, shodlikni ham birga baham ko‘rganmiz. Islom Abdug‘aniyevich uchun eng asosiysi ish bo‘lgan va men bu holatga har doim to‘g‘ri qaraganman. Shu bois ham o‘z ustimda ishlab, o‘sishga va turmush o‘rtog‘imni qo‘llab-quvvatlashimga to‘g‘ri kelgan. Shunday inson bilan yashaganimdan, o‘z taqdirimdan minnatdorman», — dedi birinchi prezidentning rafiqasi.


Uning qo‘shimcha qilishicha, Islom Karimov hamisha oldinga intilib yashagan, mehnatkash, tirishqoq bo‘lgan.

«Do‘stlar, bugungi kechaga tashrif buyurib, biz bilan birga bo‘lganingiz uchun katta rahmat. Hozir shunday zamonki, hamma odamlar bir-biriga xotirjamlik, omonlik tilab yashamoqda. Dunyo hamisha tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Barchangizga yaxshi kayfiyat tilayman», — dedi Tatyana Karimov.


Fidoiy, xalqparvar va mehnatsevar…

Xotira kechasida shuningdek, Islom Karimovning birinchi xos soqchilari boshlig‘i Jahongir Abirov so‘zga chiqdi. Uning yodga olishicha, birinchi prezident buyuk inson bo‘lgan. Uning davlat rahbari sifatida uzoqni ko‘ra olish qobiliyati, har qanday muammo: katta bo‘ladimi yoki kichikmi, barchasiga birdek yondashuvi hammani lol qoldirgan.


«O‘zimni juda ham omadli va baxtli inson, deb hisoblayman. Chunki 90-yillarda birinchi prezidentimizning xavfsizligini ta’minlash kabi mas’uliyatli ish menga topshirilgan. 1990 yil yil biz uchun qiyin kechgan. Chunki cobiq Ittifoq uchun yorug‘ kunlar tugab, so‘nggi quyosh botishi arafasi edi. Har hafta Gorbachyovning shaxsan taklifi bilan uchrashuv o‘tkazilardi. Meni hayratlantirgani shu bo‘lardiki, birinchi prezidentimizning o‘ziga xos xatti-harakatlari, boshqalar bilan bir qatorda qo‘rqmasdan o‘z fikrini aniq bayon eta olishi va qat’iyatliligini amalda ko‘rsata olardi», — dedi u.


Jahongir Abirovning eslashicha, Islom Karimov Rossiya Federatsiyasini sobiq prezidenti Boris Yelsin bilan bo‘lgan uchrashuvlarning birida undan muzokaralarni tezroq tugatishini so‘rab, «meni xalqim kutyapti», degan. Yelsin esa «xalq kutib turadi», deya javob qaytargan. Karimov esa «kimga qanaqa», deya o‘zining fikrida qat’iy qolgan.

«Islom Abdug‘aniyevich erta tongdan yarim tungacha ko‘plab hujjatlarni tayyorlab, ko‘zdan kechirardi, dastur va tashriflarni amalga oshirardi, loyihalar ustida bosh qotirardi. Boshqalarga ham bularni ishonib topshirishi yoki buyruq berishi mumkin edi. Ammo u bunday qilmasdi. Birinchi prezidentdagi kichik fazilatlar uning qanchalik fidoiy, xalqparvar va mehnatsevar ekanligini ko‘rsatib turardi», — dedi Islom Karimovning birinchi xos soqchilari boshlig‘i.



Jahongir Abirov birinchi prezidentning rafiqasi Tatyana Karimovaga O‘zbekiston jangchi faxriylar (baynalminalchilar) birlashmasining «Veteranlar harakatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» medalini topshirarkan: «Shunday buyuk insonning rafiqasiga xalqimiz va harbiylar nomidan medal topshirish men uchun ulkan sharaf», deya ta’kidladi.

«Poyezdni relsga qo‘yib bergan»

O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda Islom Karimov deganda, eng baxtli aktyorlik davrlari ko‘z oldida gavdalanishini ta’kidladi.

«Sababi men Islom Abdug‘aniyevich bilan to‘rt marotaba ko‘rishganman. Har gal uchrashuvda qo‘limni mahkam siqib, bag‘riga bosardi: „Erkinboy, ishlaringiz qanday, nima kamchiliklar bor? Kamchiliklar bo‘lsa aytarsiz“, derdi. 1998 yilda ularning qo‘lidan „O‘zbekiston xalq artisti“ unvonini olganman. O‘shanda shaxsan o‘zlari menga so‘z bergan va nutq so‘zlaganman», — dedi aktyor.


San’atkorning ta’kidlashicha, Islom Karimov bo‘lmaganida, O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritmas edi.

«U shoxdan, bu shoxga irg‘ib, yana qo‘shilib ketgan bo‘lardik. Yurtimizda 31 yil davomida shunday katta o‘zgarishlar bo‘ldiki, bunga birinchi prezidentimiz poyezdni relsga qo‘yib bergani sabab bo‘ldi va mana shu yo‘ldan ketayapmiz. Hozirgi davlat rahbarimiz Shavkat Miromonovich adashmasdan, adolatli siyosatini olib boryapti», — dedi u.

Erkin Komilov birinchi prezidentning bir so‘zli, kuchli tafakkur egasi va iymoni butun shaxs bo‘lganini alohida qayd etdi.

Islom Karimovning nevalari (Gulnora Karimovaning qizi) Imon va (Lola Karimova-Tillayevaning qizi) Maryam.


Tadbir so‘nggida xotira kechasini tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtirok etgan bir qancha ijodkorlar Islom Karimov fondining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.