5 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida davlat budjetining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida davlat budjetidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni bartaraf etish, aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suv tizimini yaxshilash ishlari qilingan. Buning uchun 2022 yilning birinchi yarim yilligida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun davlat budjetidan jami 1 trln 942 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.

Mablag‘lar atmosfera havosi muhofazasiga, suv va yer resurslarini muhofaza qilishga, o‘simlik va hayvonot dunyosi muhofazasiga, Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlarga, yerlarni suv va shamol eroziyasidan saqlashga va yerlar rekultivatsiyasiga sarflangan.

Shuningdek, ko‘rib chiqilgan davrda respublika aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqava suv tizimlarini yaxshilash dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha 173 ta obyektlarga 1 trln 131 mlrd so‘m mablag‘lar moliyalashtirib berilgan.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlariga asosan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida 4 550 ta obyektlar uchun 3 trln so‘m, jumladan, 4 179 ta ichki yo‘llarga 2 trln so‘m, 371 ta ichimlik suvi tarmoqlari va inshootlarini qurish-ta’mirlash ishlari uchun 1 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. Birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra 3 557 ta obyektlarga qurilish ta’mirlash ishlarining xajmidan kelib chiqib 1 trln 112 mlrd so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.

Yig‘ilishda davlat budjeti mablag‘lari mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan har doim ham samarali va o‘z vaqtida bajarilmasligi, ajratilgan mablag‘lar o‘zlashtirilmay qolayotgani deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Shundan kelib chiqib, budjet intizomiga rioya qilish, davlat budjeti mablag‘larini maqsadli sarflash ustidan nazoratni muntazam olib borish lozimligi aytildi.

Yig‘ilishd yakunida давлат budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan hisobot ma’qullandi.