28 avgust kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY-201 reysi bo‘yicha Toshkent-London yo‘nalishida uchayotgan yo‘lovchilarning yuklari manziliga yetkazilmasdan, Toshkentda qolib ketgan. Bu haqda reys yo‘lovchilari xabar berishdi.

Uzbekistan Airways matbuot xizmati hodisa yuzasidan munosabat bildirar ekan, Airbus 320neo samolyotining «Cheklangan tijorat yuklanishi» sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

«Bortga yuklanmagan yuklarning umumiy soni 119 o‘rinni tashkil etadi, bu esa 2210 kg miqdorida bo‘lganligini anglatadi», -deyiladi xabarda. Samolyot 150 yo‘lovchi o‘rniga ega.

«Ayni paytda HY-201 reysi yo‘lovchilarining yuklari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida joylashgan bo‘lib, 30 avgust kuni HY-201 reysi bilan Londonga yetkaziladi», — deya ma’lum qildi kompaniya.

Yuklar barcha yo‘lovchilarga yetkazib berish xizmati tomonidan ko‘rsatilgan manzilga bepul yetkazib beriladi.