Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 2021-yil iyul oyida Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganish natijasida 10 ta tibbiyot muassasasi tomonidan 75 dona jami 7,8 mlrd so‘mlik tibbiy uskunalar Qarshi shahridagi «D.M.» MCHJdan shartnoma asosida juda qimmat narxlarda budjet mablag‘lari hisobiga sotib olinganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan to‘plangan materiallar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan.

Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan tibbiy uskunalarni asl narxidan 3 mlrd 150,6 mln so‘mga qimmat narxlarda sotib olinganligi holati bo‘yicha 2021-yil 16-dekabr kuni «D.M.» MCHJ rahbari va Qashqadaryodagi 10 ta tibbiyot muassasasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jumladan, tibbiy uskunalar quyidagi muassasalarga yetkazib berilgan deya ma’lumot beriladi:

  • Qashqadaryo viloyati 1-son asab ruhiy kasalliklar dispanseri;
  • Viloyat Perinatal markazi;
  • Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo viloyat filiali;
  • Nishon tuman Tibbiyot birlashmasi;
  • Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi;
  • Qashqadaryo viloyat Ftiziatriya dispanseri;
  • Qashqadaryo viloyat Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar urush va mehnat faxriylari uchun sanotoriyasi;
  • Qashqadaryo viloyati 2-son asab ruhiy kasalliklar dispanseri;
  • Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat mintaqaviy filiali;
  • Teri tanosil kasalliklari dispanseri.

Aniqlanishicha, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi «Ultrazvukovaya diagnosticheskaya sistema E-CUBE 8 s 4 datchikami» tibbiy uskunasini 500 mln so‘mga (aslida 251,1 mln so‘mlik) yoki 200 foizga (249,9 mln so‘m) ustama qo‘yilgan holda sotib olgan.

Shuningdek, viloyat Teri tanosil kasalliklari dispanseri tomonidan haqiqiy bahosi 386,6 mln so‘mlik tibbiy uskunalarni 944,1 mln so‘mga xarid qilganligi, ya’ni 557,5 mln so‘mga yoki 244,2 foizga qimmat narxlarda sotib olinib, budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi sudning hukmi bilan o‘z tasdig‘ini topdi.

Umuman, yuqorida qayd yetilgan 10 ta tibbiyot birlashmasida 7,8 mlrd so‘mlik harid qilingan tibbiy uskunalar bozor bahosiga nisbatan 3 mlrd 150,6 mln so‘mga qimmat narxlarda xarid qilinib, budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi tergov jarayonida aniqlanib, aybdor shaxslardan 3 mlrd 150,6 mln so‘m budjetga qaytarildi.

Mazkur jinoyat ishi doirasida 10 ta tibbiyot muassasasining 11 nafar mansabdor shaxslari hamda «D.M.» MCHJ rahbari Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tumani sudining 2022 yil 4 avgustdagi hukmiga asosan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan jinoiy jazo choralari belgilandi. Aynan qanday jazo berilgani aniqlashtirilmagan.

Shuningdek, ular 1 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum etildi.