Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida barpo etilayotgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida (IT-Park) dastlabki 20, 22 va 25 qavatli binolar hamda anjumanlar zali foydalanishga topshirildi. Shanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ular bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari mazkur majmua qurilishiga 2019 yil 20 noyabrda tamal toshi qo‘ygan edi. 2020 yil oktabr oyida bu yerda dastlabki ikkita bino ochildi, ularda startap-inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari ishga tushirildi. O‘tgan yilning dekabr oyida prezident yana qurilish maydoniga tashrif buyurdi. So‘ngra bu yerga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini ko‘chirish rejalari haqida ma’lum bo‘ldi.

2019 yil iyul oyida ochilgan IT-park kichik binoda ish boshladi. Joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, park rezidentlari soni 750 ta korxonaga yaqinlashdi, shundan 600 ga yaqini Toshkentda, qolganlari esa hududlarda ro‘yxatga olingan. Yil boshida rezidentlar soni 523 nafarni tashkil etar edi.

Olti oy davomida rezidentlar tomonidan 2,3 trln so‘mlik (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 barobar ko‘p) xizmatlar ko‘rsatildi va 53,2 mln AQSh dollari (4,4 barobar)lik xizmatlar eksport qilindi. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 100 mln dollardan oshishi kutilmoqda.

Prezident «Aloqabank» va «O‘zbektelekom» kompaniyasi binolaridagi sharoitlarni kirib ko‘rdi. Ularning pastki qavatlarida mijozlarga xizmat ko‘rsatish ofisi joylashgan. Yuqori qavatlar IT korxonalar uchun mo‘ljallangan. Yerto‘la qismida 3 ming avtomobilga mo‘ljallangan 3 qavatli turargoh ham bor. Shavkat Mirziyoyev osmono‘par binolardan birining tomiga ham chiqib ko‘rdi.

IT-parkda jami 17 ta bino quriladi. Unda yuqorida qayd etilgan tashkilotlardan tashqari universitet, xizmat uylari, mehmonxona, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, savdo do‘konlari, sport maydonchasi va dam olish maskanlari joylashadi.

Foto