O‘zbekiston boks terma jamoasining yangi murabbiylar shtabi tanishtirildi. Shtabdan kubalik mutaxassislar ham o‘rin olgan, deya xabar bermoqda O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy To‘lqin Qilichev boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida e’lon qilingandi.

O‘ng tomonda: O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev. Foto: Boks federatsiyasi.

Terma jamoa murabbiylar shtabida Karlos Ivan Fuentes Vilyanueva federatsiya maslahatchisi bo‘ldi. U boks sport turida deyarli 50 yillik tajribaga ega. Kubada bugungi zamonaviy va milliy boks uslubi asoschilaridan biri. Boks sport turi bo‘yicha professor, u Kuba terma jamoasining bugungi kundagi bosh treneri Rolando Asebalning ustozi hisoblanadi.

Karlos Ivan Fuentes Vilyanueva. Foto: Boks federatsiyasi.

Milliy terma jamoa katta murabbiyi Xuan Enrike Steyners Tissert. U ham Kuba terma jamoasi trenerlar shtabida uzoq vaqt ishlagan. Shuningdek, Ispaniya, Filippin, Venesuela milliy terma jamoalarining trenerlar shtabida faoliyat olib borgan. Olimpiya o‘yinlari g‘olibi va jahon chempioni Roniel Iglesiasning shaxsiy treneridir.

Xuan Enrike Steyners Tissert. Foto: Bok federatsiyasi.

Milliy terma jamoa murabbiyi etib Xulio Li Xechevarriya tayinlandi. U ikki karra Olimpiya o‘yinlari oltin medal sohibi Ektor Vinent va bir qator mahoratli sovrindor bokschilarga trenerlik qilgan.

Xulio Li Xechevarriya. Foto: Bok federatsiyasi.

Milliy terma jamoasi trener-fizioterapevti lavozimiga esa Xesus Alberto Morales Montero jalb qilindi. Xesus Alberto Kuba sport tibbiyoti milliy instituti mutaxassisidir. Qolaversa, Tibbiyot va reabilizatsiya yo‘nalishida bir qator xalqaro kurslar bitiruvchisi hisoblanadi.

Shu davrgacha Kuba beysbol terma jamoasi fizioterapevti sifatida ishlab kelgan. U endilikda boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida o‘zbek bokschilarining fiziologik holatini kuchaytirish va yaxshilash bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonlik tajribali murabbiy Rahmatjon Ro‘zioxunov murabbiylar shtabidagi faoliyatini davom ettiradi.