O‘zbekiston hukumati xorijdan import qilinadigan avtomobillarni sertifikatsiyalashtirish jarayonini osonlashtirish yuzasidan ish olib bormoqda. Ushbu masala 17 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot haftaligida muhokama qilindi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Premium Auto kompaniyasining rahbari (BMW, Volvo va Nissan kompaniyalari rasmiy vakili) Shavkat Nurmatov O‘zbekistonda lyuks tipdagi avtomobillarni import qilish oshganligi haqida aytib o‘tdi. Ammo uning fikricha, import jarayonida kompaniya transport vositasi turini ma’qullash sertifikati bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.

TVTM (OTTS) — mamlakatda ilgari foydalanilmagan muayyan avtomobil modeli uchun texnik xususiyatlarning qonuniyligi va xavfsizligini tasdiqlovchi sertifikat.

«Agar yuridik shaxs bittadan ortiq avtomobil olib kirsa, demak, u ma’qullashni amalga oshirishi kerak. Sertifikatni olish uchun esa sizdan har bir markaning ikkita avtomobilini taqdim etish so‘raladi. Bizda 12 ta marka bor, «O‘zstandart»ga 24 ta avto taqdim etishimiz, 500 mln to‘lashimiz, ikkita xodimimizni Amerika va Germaniyaga jo‘natishimiz kerak bo‘ladi. Natijada avtoulovning tannarxi bir necha barobarga oshadi», — deya fikr bildirdi tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat brend avtomobillarni jismoniy shaxslar orqali import qilishning oshishiga olib keldi.

«Aniq raqamlar esimda yo‘q, ammo menimcha, yarim yil ichida O‘zbekistonga 5000 ga yaqin „inomarkalar“ import qilingan. Ularning barchasi yuridik shaxslar emas, jismoniy shaxslar nomidan amalga oshirilgan. Agar har bir avtomobildan kelgan foyda 4000 -5000 dollarni tashkil etsa, mana shu olingan daromaddan soliq to‘lanmagan. Bu juda katta summa», — deya qayd etdi u.

Shavkat Nurmatov «Germaniya mahsulotni sertifikatlash va ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadi, biz esa bu yerda, garchi ularni tekshirish uchun hech qanday shart-sharoit bo‘lmasa ham yana qo‘shimcha sertifikat talab qilamiz, deya qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiyaning Volvo va Germaniyaning BMW avtomobil markalari «biz faqat va faqat intilishimiz kerak bo‘lgan sifatga ega.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov javoban 38 ta davlat o‘rtasida turni tasdiqlash va o‘zaro sinov hisobotlari almashish bo‘yicha kelishuv mavjudligini ta’kidlab o‘tdi.

«Taxmiman bir oy oldin biz bu masala yuzasidan fikr yuritib, turni ma’qullash bo‘yicha takliflar berdik. Biz turni tasdiqlashning xalqaro modeldagi andozasini qabul qilmoqchimiz. Hozir „O‘zstandart“ va boshqa bojxona organlarini ayblay olmayman, chunki umumiy qoidalar bor… O‘zbekiston ham ushbu konvensiyani imzolagan davlatlar qatorida turni ma’kullash standartlarini tan olishi kerak. Buning uchun biz sinov protokollarini olishimiz kerak, ular asosida biz turni tasdiqlaymiz», — dedi u.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashi bo‘yicha, Yevropa va qo‘shni davlatlar ham ushbu modelga amal qiladi. O‘zbekistonda sinov hisobotlari asosida tipni tasdiqlash taklifi ko‘rib chiqilmoqda.

«Ya’ni BMW’ni ishlab chiqargan zavodga biror narsani yashirishning keragi yo‘q, chunki u sertifikatlangan va akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyada protokolni sinovdan o‘tqazgan… Turga ruxsat berish uchun «O‘zstandart»ga ushbu xujjatni taqdim etishning o‘zi yetarli bo‘ladi. Turni tasdiqlash bitta transport vositasiga beriladi va shundan so‘ng har qanday shunga o‘xshash avtomobil hech qanday sertifikatlash talablarisiz import qilinadi. Ya’ni, bir marta tasdiqlangan brend ikkinchi marta tasdiqlanmaydi», — dedi u.

Dilshod Sultonovning aytishicha, ayni damda ushbu protokollarni qanday olish tafsilotlari aniqlanmoqda.

«Chunki rasmiy BMW dileri sifatida siz [sertifikat] olishingiz mumkin. Ammo eski mashinani boshqarayotgan fuqaroning taqdiri nima bo‘ladi. Unda ma’kullash sertifikati yo‘q. Boshqa mamlakatlarda u yuridik shaxs bo‘ladimi yo jismoniy shaxs bo‘ladimi, ushbu mashina turini tasdiqlashdan o‘tkazishi kerak. Ayrim davlatlar bundan mustasno. Vaqt bersangiz, biz bu ishni oxirigacha yetkazamiz», — deya ishontirdi u.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori Dilshod Sattorovning xabar berishicha, Transport vazirligi sertifikatlashtirish, baholash, transport vositalarining turini ma’qullash, ekologik sinov va boshqa hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha taklif tayyorlamoqda.

Uning fikricha, ushbu hujjat tadbirkorlarning muammolarini hal etish va avtomobil importini shaffoflashtirishga yordam beradi.

Premium Auto kompaniyasi direktori avtomobillarni sertifikatsiz olib kirish mumkin bo‘lgan 16 davlat bilan tuzilgan shartnomaga ishora qildi.

«Hatto protokol emas, prezident farmoni bor… 16 davlat, jumladan, Germaniya [ham imzolagan]. Bunda sertifikatlash shart emas. [Nima uchun hozir sertifikatlashayotganini] bilmayman», — dedi TTSA rahbari.

Tanish muammo

Ushbu masala avval ham Antimonopoliya qo‘mitasi tomonidan 2020 yilning martida UzAuto Motors avtomobillari narxlarining oshirilishi yuzasidan bildirilgan munosabat vaqtida ko‘tarilgan edi.

2019 yilda amalda bo‘lgan barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarga avtomobillarni import qilishda teng shartlar ta’minlash imkoniyatini bergan imtiyozli tartib 2020 yil 1 yanvaridan bekor qilingan, «biroq „UzAuto Motors“ AJ tomonidan Single Unit Package (tayyor holda) shaklida olib kirilayotgan yoki amalda import qilinayotgan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan yengil avtomobillarga aksiz solig‘i va bojxona stavkalariga bo‘lgan imtiyoz saqlanib qolingan», — deya qayd etgan Qo‘mita.

Shuningdek, qo‘mita xorijiy korxonalar dilerlari tomonidan import avtomobillarga O‘zbekiston hududida standartlashtirish va klimatik sinov talablari me’yoridan ortiq qo‘yilganligini ham ta’kidlagan.

Agar rasmiy diler bir yilda bitta modeldagi avtomobilni bir dona miqdorida olib kirishi mumkin, bir donadan ortiq olib kiriladigan bo‘lsa, model maxsus sinovlardan, ya’ni sertifikatlashtirish va klimatik sinovdan o‘tkazilishi lozim, bunda har bir model 2 donadan test sinovi uchun berilishi va 15 ming km masofani respublika hududida bosib o‘tishi lozimligi, shuningdek, har bir test sinovi uchun o‘rtacha 30 mln so‘m to‘lanishi, standartlashtirish xodimlarini ishlab chiqaruvchining zavodiga diler hisobidan yuborilishi kerakligini tasdiqladi.

Bundan tashqari, ehtiyot qismlarni sertifikatlashda, jumladan avtotransport vositasi shinalarini «O‘zstandart» agentligi sinov laboratoriyalariga muvofiqlik sertifikatini olish uchun berilganda ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha laboratoriya sinovlari o‘tkazish imkoniyatining yo‘qligi ham aytib o‘tilgandi.

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini himoya qilish, biznes yuritishda teng sharoitlar yaratish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Qo‘mita tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga yengil avtomobillarga amaldagi import boji va aksiz solig‘ini stavkalarining pasaytirilishi va import asosida olib kelingan yengil avtomobillar uchun sertifikatlashtirish va klimatik sinovlar jarayonlarining o‘tkazilishi tartibini soddalashtirish masalasini Tashqi savdoni tarif va notarif tartibga solish bo‘yicha Respublika Kengashining yig‘ilishida ko‘rib chiqish bo‘yicha murojaat qilindi.